Talabalarning qishki ta’tili kunlarini o‘zgartirish mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
05 fevral 2022
24249Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning har yilgi qishki ta’tili to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi joylashtirildi. Loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.
Loyihaga muvofiq:
• har yili dekabr oyining oxirgi o‘n kunligi va yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi professsional ta’lim muassasalari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalarining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish taklifi berilmoqda (bunda ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari mavjud sharoitdan kelib chiqib o‘quvchi va talabalarga ta’til berish muddatini o‘zgartirish huquqiga egaligi alohida ta’kidlanmoqda);
• Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Uzbekistan airways” AJ ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining qishki ta’tilni e’lon qilish haqidagi buyruqlari va buyurtmanomalari asosida qishki ta’til boshlanishidan 10 kun avvaldan boshlab chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foizli chegirma to‘lovi asosida respublika ichida harakatlanuvchi tezyurar va yo‘lovchi (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar va barcha yo‘lovchi poyezdlarning SV, VIP vagonlari bundan mustasno) poyezdlariga hamda mahalliy aviareyslarga chiptalar sotuvini tashkil etishi hamda yo‘nalishli shaharlararo avtobus qatnovi orqali harakatlanishi uchun ham imtiyozli chiptalar taqdim etish mexanizmi joriy etilishi ko‘zda tutilgan;
• o‘quvchi va talabalarning qishki ta’tilda harakatlanish grafigini muvofiqlashtirish maqsadida yashash joyi respublikaning bir mintaqasida, ta’lim olish joyi esa boshqa mintaqasida bo‘lgan o‘quvchi va talabalar haqida maxsus elektron platformani (www.e-holiday.uz) yaratish taklifi ilgari surilmoqda;
• platformani ishlab chiqish, ularga xizmat ko‘rsatish va keyinchalik modernizatsiyalash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalari ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari o‘rtasida platformaga kiritiladigan o‘quvchi va talabalar sonidan kelib chiqib mutanosib ravishda taqsimlanishi nazarda tutilmoqda;
• mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari hamda tizimida oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari mavjud bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, loyihada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha ma’muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar mavjud emas.
Mazkur loyiha Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Transport vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan kelishilgan.