Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tartibi soddalashadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda talabalarni turar joy bilan ta’minlash tizimi raqamlashtirilib, ularga qator yengilliklar berilmoqda. Bu kecha, 14 avgust kuni respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda nazarda tutilgan.

Qaror bilan davlat OTMlari talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

2023/2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari uchun davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali bepul elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda arizalar qabuli 20 avgustdan boshlanadi.

Shuningdek, talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.

Ammo yuqori kurs talabalarini turar joyga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga turish uchun ariza OTM yotoqxonalariga joylashtirish komissiyasiga topshiriladi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmati markazlari yoki my.gov.uz orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ariza berish 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

talabalar yotoqxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing