Talabalarga to‘lov-kontrakt bo‘yicha chegirma va yengilliklar berildi
Jamiyat
−
14 avgust 2020
14135Oliy va o‘rta ma’lim vazirligi jamoatchilik tomonidan pandemiya sharoitida oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish narxlarini optimallashtirish borasida bildirilgan ko‘plab murojaatlarni hisobga olib, Moliya vazirligi bilan birgalikda qator takliflarni ishlab chiqdi.
Pandemiya sharoitida aholining to‘lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, 2020/2021 o‘quv yilida amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori uchun kunduzgi shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladi.
Talabalarni qo‘llab-quvvatlash ushbu chegirma bilan to‘xtab qolmaydi.
OTMlar tomonidan yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “temir daftar” ro‘yxatidagi oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarga kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun manzilli moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bunda oliy ta’lim muassasalari mavjud mablag‘lari hisobidan talabalarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, 4,0 mln. so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qiyotgan 4 ming nafardan ziyod talabaga shartnoma miqdorining 35 foizini to‘lash orqali moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ushbu moddiy yordam bir talabaga bir yilda 2,4 mln.so‘mdan 3,4 mln.so‘mgacha miqdorni tashkil etadi.
Shuningdek, OTMlarda ta’lim olish (o‘zining, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovlarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig‘idan ozod qilingan bo‘lib, bunda bir nafar talaba uchun kontrakt to‘lagan oilaga bir yilda 770 ming so‘mdan 1 mln. 177 ming so‘mgacha mablag‘ daromad solig‘idan imtiyoz shaklida qaytadi.
To‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda beriladigan chegirmalar hisobiga davlat byudjetiga ortiqcha yuk tushmasligi uchun OTMlarda o‘quv jarayoniga tegishli xarajatlar normativlari qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularda qo‘shimcha ta’lim xizmatlarni ko‘rsatish hisobiga byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilish orqali chegirma xarajatlarini qoplash choralari ko‘riladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr