Talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tizimi soddalashadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tizimi soddalashtiriladi. Bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygan

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston  Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 16.2-bandida talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etish belgilangan.  

Bunda:

  • yotoqxonalar hisobini yuritish reyestrini ishlab chiqish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni ustuvor ravishda joylashtirish;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish nazarda tutish.

2023-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ijara to‘lovining bir qismini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Bunda:

  • talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’iy nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi;
  • ijara shartnomasida ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 (o‘n ikki) metr kvadratdan kam bo‘lmasligi kerak;
  • talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan oliy ta’lim muassasasidan uzoq joylashgan hududlardan kelgan birinchi bosqich talabalari (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) bo‘lgan ijara asosida yashaydigan talabalar)ga, oliy ta’lim muassasalariga ushbu maqsadlarda ajratilgan mablag‘lar doirasida sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi hamda belgilangan tartibda ijara shartnomasi taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar davom ettiriladi;
  • davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ijara huquqi asosida yashayotgan, biroq ijara to‘lovlari ushbu qarorda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan talabalarning 60 foizidan ortgan qismi uchun oylik ijara to‘lovi bir qismini ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan mezonlar va tartib asosida moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi mumkin.

Hujjata talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yish belgilangan.

Shuningdek, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarini yotoqxonaga joylashtirish onlayn shaklda amalga oshiriladi.

Talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etishning ma’muriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlanib, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilishi qayd etilgan.

Bunda:

  • Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar uchun Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshirish jarayonida talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojini belgilash imkoniyati yaratiladi;
  • 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab talabalar yotoqxonaga joylashish uchun faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda – YAIDXP) orqali murojaat qiladi;
  • Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirishda davlat xizmatini ko‘rsatish komissiya mablag‘lari undirilmaydi.

Maqola muallifi

Teglar

ijara ijara to'lovi Talaba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing