Ijarada turadigan harbiylarga to‘lanadigan kompensatsiya miqdori oshirildi
Jamiyat
−
10 aprel 2025 8384 2 daqiqa
Harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori oshirildi. Bu kecha, 9 aprel kuni qabul qilingan “Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hukumat qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lab beriladigan oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshirildi. Bunda pul kompensatsiyasi miqdorlariga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi:
- Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha (1,8 mln so‘m);
- Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha (1,3 mln so‘m);
- respublikaning boshqa shaharlari, tumanlar markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2 baravarigacha (750 ming so‘m).
Shuningdek, 2025 yil 1 iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joyning hisoblangan qiymati 35 foizi miqdorida belgilandi. Oldin mazkur miqdor barcha uchun 25 foizni tashkil etgan.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va nogironligi bo‘lgan harbiy xizmatchilarni birinchi navbatda turarjoy bilan ta’minlash, agar ular uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida turarjoy bilan ta’minlangan bo‘lsa, qaytarilmagan kredit miqdori va kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar Davlat byudjeti hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
Live
Barchasi