AQSH ayrim qurilmalardagi reklama kuzatuv tizimlarini o‘chirib qo‘ydi

Olam

image

AQSH harbiylari Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylarni nishonga olishda tijorat orqali sotiladigan geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalanish xavfi ortib borayotgani sababli ayrim telefon va kompyuterlardagi reklama kuzatuv tizimlarini o‘chirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Gap mobil reklama identifikatorlari (MAID) haqida bormoqda. Ushbu identifikatorlar reklama kompaniyalariga qurilmalar harakatini kuzatish va foydalanuvchilarning joylashuvi haqida ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Havo kuchlari, Quruqlikdagi qo‘shinlar va Maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi davlatga tegishli Windows kompyuterlari va mobil qurilmalarda bunday kuzatuv vositalarini bloklagan.

Bu choralar AQSH senatori Ron Uayden tomonidan e’lon qilingan rasmiy xatlar orqali ma’lum bo‘lgan. Uayden Pentagonni harbiy xizmatchilarning joylashuvi haqidagi ma’lumotlardan dushmanlar foydalanishi ehtimoliga qarshi ko‘rilayotgan choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda.

AQSH Quruqlikdagi qo‘shinlari Windows qurilmalaridagi reklama identifikatorlari 2021 yildan avvalroq bloklanganini ma’lum qildi. Mobil qurilmalarda esa bu funksiyani standart tarzda o‘chirish 2026 yil fevral oyidan boshlangan.

AQSH Havo kuchlari Uaydenga reklama identifikatorlarini kompyuter va mobil telefonlarda ikki oy oldin o‘chirganini bildirgan. Maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi esa Windows qurilmalarida ushbu identifikatorlarni “yaqinda” bloklaganini aytgan.

Bunday choralar tijorat ma’lumotlari brokerlari tomonidan yig‘iladigan va keyin uchinchi tomonlarga sotiladigan geolokatsiya ma’lumotlari bilan bog‘liq xavflar kuchaygan bir paytda ko‘rilmoqda. Bunday ma’lumotlar muayyan qurilma yoki uning egasining qayerda ekanini aniqlash uchun ishlatilishi mumkin.

Uaydenning ta’kidlashicha, AQSH harbiylari tomonidan ko‘rilgan choralar ijobiy qadam bo‘lsa-da, mavjud himoya mexanizmlari hali yetarli emas. U Pentagondan harbiy xizmatchilarni geolokatsiya ma’lumotlari orqali kuzatish va nishonga olishning boshqa usullari ham mavjud yoki mavjud emasligini tekshirishni so‘ragan.

Maxfiylik va kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlar ham reklama identifikatorlarini o‘chirish harbiylarning joylashuvini oshkor qilish xavfini kamaytirishini tan olgan. Biroq ular bu yagona kuzatuv usuli emasligini, boshqa texnologiyalar orqali ham qurilmalar harakatini aniqlash mumkinligidan ogohlantirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing