Talabalar uchun “perevod” tartibi yangilandi

Jamiyat

image

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalarning davlat OTMlariga o‘qishini ko‘chirish tartibi yangilandi. Bu bo‘yicha Hukumatning joriy yil 11 iyundagi 299-son qarori bilan “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi vakolatli davlat organi Bilim va malakalarni baholash agentligi etib belgilangan.

Talabalar har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP), agentlikning maxsus elektron platformasi yoki davlat xizmatlari markazlari orqali ariza topshirishi mumkin.

Arizadagi hujjatlar to‘liq taqdim etilmagani, noto‘g‘ri yoki soxtalashtirilgan ma’lumotlar aniqlangani, shuningdek, belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani arizani rad etishga asos bo‘ladi.

Taqdim etilgan hujjatlar 15 iyuldan 6 avgustga qadar ko‘rib chiqiladi va arizani qabul qilish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Bu haqda talabalarga YAIDXP yoki maxsus platforma orqali xabar yuboriladi.

Shuningdek, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha QR-kodli imtihon natijalari imtihonlar yakunlanganidan keyin bir hafta ichida ariza beruvchilarga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ta’limni xorijiy tilda yakunlagan talabalardan keyingi bosqichda xorijiy til sertifikati talab qilinmasligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

talaba perevod o'qishini ko'chirish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing