21 yil avvalgi “qora kun”: 16 fevral voqealari aslida qanday bo‘lgandi?
Tahlil
−
16 fevral 2020
85958O‘rta avlod vakillari 1999 yilning 16 fevralini yaxshi eslaydi. Toshkent osmoni qora tutunlar bilan to‘lgan o‘sha mudhish kunda mamlakatdagi eng yirik qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilgan edi. O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatida, xavfsizlik xizmatidan tortib, eng kichik idoralar faoliyatida ham tub burilish yasagan ushbu hodisa nafaqat mamlakatning konstitutsiyaviy hokimiyatini ag‘darishga harakat, balki shaxsan Birinchi Prezident Islom Karimovga qaratilgan suiqasd edi. Bugun o‘sha mudhish kunga 21 yil to‘ldi
Ilk portlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosida sodir etildi. O‘sha kuni Hukumatning 1998 yildagi faoliyati hisobotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tishi va unda davlat rahbari Karimov ishtirok etishi rejalashtirilgandi. O‘sha vaqtda Prezident matbuot kotibi va Oliy Majlis deputati bo‘lgan Azamat Ziyo bu voqealarni shunday eslaydi:
“O‘sha kuni taxminan 09:45 larda avtomatdan otilgan o‘q ovozini eshitib qoldik. Keyin men Prezident soqchilarining biridan Prezident kelgan, kelmaganini so‘radim. Soqchi Prezident deyarli kelib bo‘lganini aytdi. Men pastga qarab yugurdim. Shunda 3-qavatlarga yetganimda judayam kuchli portlash sodir bo‘ldi”.
Bu portlashlardan keyin xavfsizlikni saqlash idoralari, ichki ishlar va o‘t o‘chirish xizmatlari voqea joylariga yetib kelishdi va o‘z burchlarini ado etishga kirishdi.
O‘zbekiston tarixiga yozilgan o‘sha qonli kunda begunoh insonlar halok bo‘ldi, yuzlab insonlar yaralandi.
Voqea haqidagi xotiralarini davom ettirarkan Azamat Ziyo shunday deydi:
“Prezident orqaga qaytib ketdi deganlaridan keyin men Prezident Devoniga qarab ketdim. Eng qizig‘i, Prezident kabinetidagi xonalar hammasi zirhlangan oynalar edi. Ular taram-taram bo‘lib ketgandi. O‘sha ahvolni ko‘rgandan keyin men Islom akaga boshqa xavfsizroq joyga o‘tasizmi, balki, desam u kishi sen bu gapni bir marta menga gapirding, boshqa gapirmagin dedilar.
Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir, dedi. U kishi har qanday sharoitda, nima bo‘lmasin o‘z hayot prinsiplaridan voz kechmasligini aytib, voqea joylariga ketdi”.
Hali terrorchilik harakatlari davom etayotgan, xavf yaqin kelib turgan paytda Prezident voqea joylariga borib, vaziyat va u yerdagilarning ahvoli bilan tanishdi. So‘ngra quyidagi intervyuni berdi:
“Mana shu binoda shakastlangan, kerak bo‘lsa yarador bo‘lganlar bilan gaplashib bularning oldini olish kerak. Xalqimizga, aholimizga mana shu yerdan turib murojaat qilmoqchiman, vahima bo‘lmasin.
Agar menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz, vahima bo‘lmasin. Kuchimiz yetadi. Bularning hammasini, aytaylik, joy-joyiga qo‘yish, kerak bo‘lsa, bu muttahamlarni nafaqat joyiga qo‘yish, qo‘lini kesib tashlashga ham qurbimiz yetadi, kuchimiz yetadi. Xalqimiz shuni bilsin”.
Azamat Ziyo so‘zini davom ettirib, voqealar xronologiyasini quyidagicha eslaydi:
“O‘sha kuni Vazirlar Mahkamasining yillik majlisi bo‘lishi kerak edi. Shu majlis baribir bo‘ldi. Soat 13:00 da Oliy Majlis binosida bo‘ldi”.
Bu qo‘poruvchilik harakati, avvalo, mamlakatdagi xavfsizlikni buzish, yoshlar ongiga diniy aqidalarni singdirish, tinch aholining hayotiga rahna solishga qaratilgan terrorchilik xuruji edi.
Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.
21 yil avvalgi “qora kun”ni o‘sha vaqtlardagi Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov eslarkan, bunday qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish uchun aqlli bo‘lish shartmasligini aytib o‘tdi.
“Bilasizmi, terroristik harakatlarni sodir etish uchun juda katta aqlning keragi yo‘q. Yo beliga bomba bog‘lab o‘zini shahid qiladi yoki... Insonning onggini shunchalar zaharlashadiki o‘z xalqiga qurol ko‘taradi, qo‘poruvchilik natijasida ziyon yetkazadi”, deydi Zokirjon Almatov.
O‘z so‘zida davom etib, o‘qib mulla bo‘lmagan yoki sport bilan shug‘ullanmagan, xarakteri ojiz, zaif, irodasiz insonlar terrorchilar safiga qo‘shilib, xalqiga qarshi qurol ko‘tarishini aytadi:
“1999 yillarda sodir etilgan 16 fevral voqeasiga kelsak, xo‘sh, bu kimlar tomonidan sodir etildi? Andijon, Namangan yana boshqa 1-2 viloyatlardan chiqqan yigitlarimiz Chechenistonga borib qolishgan. Ana o‘sha yerdagi urushda qatnashib, arab fuqarosi bo‘lgan Xattab degan terrorchining qo‘liga tushib qolishadi. Shuni tarbiyasini olib, lagerda tayyorgarlikdan o‘tib, maxsus portlovchi moddalar bilan ishlashni o‘rganib, O‘zbekistonga kelib, terrorchilik harakatlarini sodir etishgan. Kutilmagan paytda, kutilmagan ahvolda sodir bo‘lgan. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston Prezidentiga suiqasd o‘tkazish, xalqni ichida notinchlik yuzaga keltirish va yana boshqa salbiy oqibatlarga olib kelish edi. Qaysi o‘zbek o‘z xalqiga xiyonat qilib, qonini to‘kadi?”, deydi Almatov.
Zokirjon Almatovning ta’kidlashicha, o‘sha paytda bu voqea Hukumatni dovdiratib qo‘ymagan. Shu kunning o‘zida maxsus reja bilan ish boshlangan. Xalqqa hamma narsa adolatli yetkazilgan va mudhish jinoyatni kimlar sodir etishi mumkinligi aytilgan.
“Oliy Majlisda bo‘lgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari buni xalqqa e’lon qildi. Jinoyatlar qaysi ekstremistik tashkilot tomonidan sodir etilishini izohlab berdi. Ana shu paytda qayerdan bo‘lsa ham jinoyatni sodir etgan jinoyatchilarni topib, zararsizlantirish, O‘zbekistonga olib kelish masalasi bizning oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘yildi. Qisqa vaqtda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz jinoyatchilarning iziga tushdik”, deydi sobiq vazir Zokirjon Almatov.
16 fevral voqealari o‘sha davr mutasaddilari xotirasida o‘chmas tamg‘a bo‘lib qolgani tabiiy. Zokirjon Almatov davlat rahbaridan juda katta tanbeh eshitganini xotirladi.
“Davlat rahbaridan juda katta tanbeh eshitdik. Bu holat xalqimiz orasida norozilikka sabab bo‘ldi. Ichki ishlar idoralari xodimlari qayoqqa qaradi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maxfiy xizmat qayoqda edi, degan har xil salbiy gaplarni, iddaolarni eshitdik. Agar biz o‘sha paytda dovdirab, vaziyatni izdan chiqarib yuborsak, to‘g‘ri kelmas edi. Operativ ma’lumotlarga ega bo‘lmaganligimiz oqibatida shu voqealar sodir bo‘ldi. Xalqimizning qoni to‘kildi. Iqtisodiy zarar yetkazildi.
Biz aybni o‘z bo‘ynimizga oldik. Lekin undan keyin bunday voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun men juda katta yig‘ilishda, O‘zbekiston televideniyesida, Oliy Majlisda xalqimizga uzrimni ham aytib o‘tdim. Xalqimiz bizga ishondi. Jinoyatchilar fosh etildi. Ko‘pchiligi Turkiya, Rossiya, Qozog‘istan davlatlaridan Toshkentga olib kelindi. Ularning hammasi jinoiy javobgarlikka tortildi”, deydi Almatov.
Yaqinda “O‘zbekiston ovozi” gazetaasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonovning ayni vaqtda AQSHda istiqomat qilib kelayotgan jurnalist va sobiq deputat Jahongir Muhammad va Turkiyada yashayotgan Muhammad Solihning qilmishlari, O‘zbekistonda davlat to‘ntarishni uyushtirishga boshchilik qilganiniga oid maqolasi e’lon qilindi.
Jurnalist ushbu voqealar va sud materiallari bilan shaxsan tanish bo‘lganini aytib, quyidagi xotiralarini bayon etadi:
“Jahongir Mamatov va uning hamtovoqlari bundan xursand bo‘lishardi. Ular butun dunyoda O‘zbekiston rahbariga ishonchsizlik uyg‘otish orqali uni jazolamoqchi bo‘lishdi. O‘ch olish maqsadi shu darajada xudbinlashib, yovuzlashdiki, ular terrorchi guruhlar bilan hamkorlik qilishdi. 1999 yil 16 fevral Toshkentda Vazirlar Mahkamasi binosi yonida Islom Karimov va respublikaning barcha rahbarlarini yo‘q qilish niyatida uyushtirilgan terroristik aktda hozir chet elda turib, o‘zini erkparvar, insonparvar ko‘rsatib O‘zbekistondagi kamchiliklar to‘g‘risida to‘xtovsiz vaysayotganlar ham bor edi.
O‘shanda Vazirlar Mahkamasi binosi qulasa, respublikaning barcha darajadagi birinchi rahbarlari, viloyat rahbarlari, mas’ul xodimlar halok bo‘lib, respublika boshsiz qolardi. Bu portlashni xalqaro terrorchi to‘dalar bilan birgalikda Turkiyada qochib yurganlar uyushtirgan edi. Men o‘sha sudda shaxsan qatnashganman. Turkiyadagi “vatanparvarlarimiz” bu portlashni qanchalik sabrsizlik bilan kutishgani, bino qulamagani, Islom Karimov tirikligini eshitgach, ularning hafsalasi pir bo‘lgani, tashkilotchilardan biri “Essiz, yetti yillik mehnatim zoye ketdi”, deb afsuslanganini sudlanganlar aytib berishgandi.
Qarang, ular bino portlamaganidan afsusda, ya’ni yuzlab begunoh odamlar o‘lmay qolganidan afsusda. Bino qulagach, Turkiyada yurganlar Amudaryoning naryog‘ida to‘planib turgan tolibonlar yordamida O‘zbekistonga bostirib kirishmoqchi edi. O‘zimizdagi ekstremistlar ham berkitib qo‘ygan qurollarini olib, ko‘chaga chiqishardi. Davlat to‘ntarishi bo‘lardi, fuqarolik urushi bo‘lardi, qiyomat qoyim bo‘lardi.
O‘z vataniga, xalqiga shunday dahshatni, yovuzliklarni ravo ko‘rganlar bugun yana demokratiya niqobi ostida turib, uyalmay-netmay va’zxonlik qilishyapti. O‘sha voqealardan buyon zamon o‘zgardi, necha yoz, necha qish o‘tdi, qancha qorlar yog‘di... Izlar bosildi, deb o‘ylayapsizlarmi?
Hayotda unutiladigan, kechiriladigan voqealar bo‘ladi, Vatanga, xalqqa xiyonatni unutish, kechirish qiyin, juda qiyin”.
So‘nggi so‘z o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, bundan 21 yil ilgari sodir etilgan bu qo‘poruvchilik harakati, avvalo, mamlakatdagi xavfsizlikni buzish, yoshlar ongiga diniy aqidalarni singdirish, tinch aholining hayotiga rahna solishga va mustaqillikka erishganiga ko‘p bo‘lmagan va maqsadi sari dadil qadam tashlab borayotgan mamlakatning ertasiga qaratilgan terrorchilik xuruji edi.
LiveBarchasi