Takaiti Yaponiya Bosh vaziri lavozimiga qayta saylandi

Olam

image

Bugun, 18 fevral kuni Yaponiya parlamenti hukmron koalitsiyaning muddatidan oldingi parlament saylovlaridagi ishonchli g‘alabasidan so‘ng Sanae Takaitini Bosh vazir lavozimiga rasman qayta sayladi. Bu haqda “Kyodo News” xabar berdi.

Parlamentning maxsus sessiyasi boshlanishidan oldin mamlakat konstitutsiyasi talabiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqdi. Keyinroq Takaiti yangi hukumat tarkibini e’lon qilishi kutilmoqda, bunda vazirlarning aksariyati o‘z lavozimlarini saqlab qolishi mumkin. Xususan, Tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi, mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi hamda moliya vaziri Satsuki Katayama o‘z o‘rnida qolishi ehtimoli bor.

Joriy yilning 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi saylovlarda Takaiti boshchiligidagi Liberal-demokratik partiya parlamentdagi o‘rinlarini 198 tadan 316 taga oshirdi, unga ittifoqchi Yaponiya innovatsiyalar partiyasi esa 36 tadan 38 taga ko‘paydi. Bu hukmron kuchlar uchun eng yirik g‘alaba bo‘ldi. Shu bilan birga, muxolifatdagi Komeyto va Konstitutsiyaviy-demokratik partiya ittifoqi o‘rinlar sonini 167 tadan 49 tagacha qisqartirdi.

Ma’lumot uchun, Sanae Takaiti xavfsizlik masalalarida qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan. U 1947 yildagi Yaponiya konstitutsiyasining mamlakatning militarizmdan voz kechishini mustahkamlovchi to‘qqizinchi moddasini qayta ko‘rib chiqish tarafdori. Saylovdagi g‘alabadan so‘ng u asosiy qonunga o‘zgartirish kiritish niyatida ekanini bildirgan, biroq tafsilotlarni ochiqlamagan. Konstitutsiyani isloh qilish uchun parlamentning har ikki palatasida deputatlarning uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi va keyinchalik umumxalq referendumi o‘tkazilishi talab etiladi. Yaponiya OAVlari qayd etishicha, mamlakat konstitutsiyasi 1947 yilda qabul qilinganidan buyon o‘zgartirilmagan.

“Associated Press” ma’lumotlariga ko‘ra, yangi hukumatning ustuvor vazifalari orasida narxlar oshishi va ish haqi o‘sishining sustligiga qarshi kurash, shuningdek, saylovlar sabab kechiktirilgan byudjetni qabul qilish masalasi bor.

Takaitining Tayvan masalasidagi bayonotlari avvalroq Xitoy bilan munosabatlar sovuqlashishiga olib kelgan. Dekabr oyida u Yaponiya mudofaa xarajatlari 2027 yilgacha rejalashtirilgan 2 foizlik YAIM ko‘rsatkichiga muddatidan oldin yetganini aytgan. Keyinchalik Vazirlar Mahkamasi qariyb 58 milliard dollarlik rekord darajadagi mudofaa byudjetini ma’qullagan. AP xabariga ko‘ra, Tokioda atom suvosti kemalarini ishlab chiqish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek Takaiti AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini kengaytirish hamda josuslikka qarshi kurashni kuchaytirish niyatida. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp saylovlar arafasida Takaitini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bundan tashqari, u migratsiya va xorijiy fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirish tarafdori ekanini ham ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Bosh vazir Sanae Takaiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing