Taqiqlangan joyga chiqindi tashlagan “uddaburon” jarimaga tortildi
Jamiyat
−
23 Oktabr 2023
4423Toshkent viloyati Zangiota tumanida mashinasining davlat raqamini yashirib, chiqindi to‘kkan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, Bo‘zsuv kanali muhofaza mintaqasiga noma’lum fuqaro davlat raqami yashiringan avtotransport vositasida qurilishdan hosil bo‘lgan chiqindilarni to‘kkani kuzatuv kamerasiga muhrlangan.
“Fuqaro "avtotransport raqamini yashirsam, shaxsimga hech kim aniqlik kirita olmaydi", deb o‘ylaydi. Huquqbuzar “chuchvarani xom sanadi”. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Zangiota tumani bo‘limi inspektorlari holatga aniqlik kiritdi. Huquqbuzarlikni tumanning Bo‘zsuv qishlog‘i Amir Temur ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1998 yilda tug‘ilgan M.O‘ sodir etgani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi boshqarma xabarida.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 911-moddasi 3-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Davlat raqamini yashirishiga qaramay, sir fosh bo‘lgan fuqaro 1 650 000 so‘m jarimaga tortilgan.
LiveBarchasi