Taqdirlangan Umarov, yil sportchisi bo‘lgan Olimpiya chempionlari... “Uzbekistan Sport Awards-2021” qanday o‘tdi? (fotoreportaj)

Sport

image

Bugun, 29 dekabr kuni “Uzbekistan Sport Awards-2021” Milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 30 ta nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilar taqdirlandi.

Muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi sportchisi” sovrini boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolovga nasib qildi.

Respublika Komissiyasi xulosasiga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi sportchisi” O‘zbekiston Milliy kubogi g‘olibi sifatida og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionati g‘olibi Akbar Jo‘rayev e’tirof etildi.

Har ikki sportchi 10 000 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, “Yil kashfiyoti” sovrini – taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitovga topshirildi.

Marosimda Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov “Sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qo‘shgan hissasi uchun” mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofotni Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov topshirdi.

“Sport sohasidagi ko‘p yillik xizmati uchun” O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Baxodir Maxsitov taqdirlandi.

“Yilning eng faol ommaviy sport targ‘ibotchisi” sifatida Mudofaa vazirligi sport markazi e’tirof etildi.

“Sport TV” telekanali jurnalisti Shafoat Tolibjonova “Yilning eng faol sport jurnalisti” deb topildi.

“Yilning eng faol sport foto muxbiri” – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi foto muxbiri Almurat Mamadaminov.

“Yilning eng tomoshabop sport tadbirlari tashkilotchisi” sifatida O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi e’tirof etildi.

“Yilning eng faol sport muxlisi” sovrini Abdurahmon Fozilovga nasib qildi.

“Sport yo‘nalishi bo‘yicha yilning eng faol matbuot xizmati” sifatida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi e’tirof etildi.

“Yilning eng yaxshi sport shifokori” – Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazi bosh shifokori Dilshodbek Maxmudov.

“Yilning eng yaxshi hududiy turizm va sport bosh boshqarmasi”ga atalgan sovrin ommaviy sportni rivojlantirishdagi faolligi uchun Farg‘ona viloyati Turizm va sport boshqarmasiga topshirildi.

“Yilning eng yaxshi sport terma jamoasi” sovrini og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga nasib qildi.

“Yilning eng faol sport maktabi” sifatida Buxoro tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi e’tirof etildi.

“Yilning eng yaxshi murabbiyi” sifatida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashidovning murabbiyi Xan Pavel bo‘ldi.

“Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” – boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Nigina O‘ktamova.

“Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” – erkin kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Kamronbek Qadamov.

“Yilning eng matonatli erkak sportchisi” – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Elbek Sultonov.

“Yilning eng matonatli ayol sportchisi” – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Nurxon Qurbonova.

“Yilning eng yaxshi para sport murabbiyi” – para yengil atletika bo‘yicha murabbiy Sardor Abduxoliqov.

“Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi” – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Boburjon Omonov.

“Yilning eng halol hakami” sifatida dzyudo bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam, Xalqaro dzyudo federatsiyasining ko‘plab musobaqalardagi asosiy bahslarida hakam sifatida ishlagan Ramziddin Saidov e’tirof etildi.

“Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi” sifatida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi e’tirof etildi.

“Yilning eng intiluvchan federatsiyasi” sifatida O‘zbekiston tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga sportchisi yo‘llanma olgan O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, “Uzbekistan Sport Awards-2021” marosimida 30 ta nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilar taqdirlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov Aziz Abduhakimov Uzbekistan sport awards Yil sportchilari

Baholaganlar

206

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing