Tailanddagi zilzila qurbonlari orasida o‘zbekistonliklar ham bormi?
Jamiyat
−
29 mart 2025 10792 2 daqiqa
Kecha, 28 mart kuni Tailandning Bangkok shahrida 7,7 magnitudali zilzila yuz bergan va bir necha binolar qulab tushgandi. Hozircha kuchli zilziladan so‘ng jarohat olgan O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmagan. Bu haqda O‘zbekistonning Bankokdagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
“Mahalliy vaqt bilan soat 16:00 holatiga ko‘ra, Bangkokdagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan 28 mart kuni Tailandda ro‘y bergan kuchli zilziladan so‘ng jarohat olgan O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmagan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, Bosh konsulxona Tailandning tegishli idoralari bilan aloqada va vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Shuningdek, Tailanddagi o‘zbekistonliklar agar yordam kerak bo‘lsa, +66 2 675 3995 telefon raqamiga bog‘lanishi mumkinligi bildirilgan.
Ma’lumot uchun, Bangkok shahridagi zilziladan keyin favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Bosh vazir shoshilinch umummilliy ogohlantirish e’lon qilib, aholini bugungi zilziladan keyin 24 soat ichida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan takroriy silkinishlardan ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirdi.
Zilzila ta’siri Tailanddan tashqari Myanma, Bangladesh, Laos, Xitoy va Hindistonda ham sezilgan. Tailand poytaxti Bangkokda qurilayotgan 30 qavatli bino qulab tushgan. Vayronalar ostida bir necha o‘nlab odamlar qolib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgan, 16 kishi jarohatlangan, 101 kishi bedarak yo‘qolgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Myanmada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 694 kishiga yetgani, 1670 kishi jarohatlangani, 68 kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingandi.
Live
BarchasiIspaniya migrantlarni Seutani tark etishga majbur qilish uchun ularni suv va o‘tsiz qoldirmoqda
17:40
Toshkentdagi o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich qurilishida 7,4 mlrd so‘m yeb yuborilgani ayon bo‘ldi
17:28