Tailand va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi

Olam

image

Bir necha kun oldin harbiy mojaro boshlagan Tailand va Kambodja bugun, 28 iyul kuni “zudlik bilan va shartsiz otashkesim”ga kelishib oldi. Kelishuv mahalliy vaqt bilan yarim tunda kuchga kiradi. Bu haqda muzokaralarda vositachilik qilgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ma’lum qildi.

Ibrohimning Putrajaya shahridagi qarorgohida ziddiyatli davlatlar rahbarlari uchrashdi.

“Bu juda muhim birinchi qadam”, dedi Malayziya Bosh vaziri jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki tomon “o‘z pozitsiyalarini bildirgan va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, keskinlikni pasaytirishga qaytish, tinchlik va xavfsizlikni tiklashga tayyor ekanini namoyish qilgan”. Nizolashayotgan tomonlarga xalqaro bosim kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tgan muzokaralarda AQSH va Xitoy vakillari ham ishtirok etdi.

Tailand Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtxam Vechayachay va Kambodja Bosh vaziri Xun Manet, jumladan, AQSH Prezidenti Donald Trampga muzokaralarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tailand va Kambodja chegarasidagi janglar 24 iyulda boshlangan va so‘nggi 10 yildan ortiq vaqtdagi eng shiddatli jangga aylangan.  Bu Tailandning Surin provinsiyasi, Kambodjaning Oddar Meanchey provinsiyasi va qo‘shni Laos davlati chegaradosh bo‘lgan Zumrad uchburchagi deb ataluvchi chegara bo‘yicha uzoq yillik mojaroning avj olishiga aylandi.

O‘qqa tutilish asosan chegaraning shimoliy qismida, qirg‘oqdan uzoqda va Tailandning Janubiy Xitoy dengizi sohilidagi mashhur dengiz qirg‘oqlarida amalga oshirildi. Oqibatda kamida 36 kishi, jumladan 20 dan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Chegara hududlaridan 200 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.

26 iyul kuni OAV janglar dengiz bo‘yidagi mashhur Pattaya kurortiga yaqinlashgani haqida xabar berdi. AQSH Prezidenti qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Tailand Bosh vazirligi idorasi 27 iyul kuni Pxumtxam Vechayachay 28 iyul kuni Xun Manet bilan to‘qnashuvga barham berish bo‘yicha muzokaralar olib borishini ma’lum qildi.

Tailand va Kambodja bir asrdan beri 800 kilometrdan ortiq chegarani bahslashmoqda va bu bir necha marta to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Mojarolar Preaxvixea hindu ibodatxonalari majmuasi va uning atrofidagi yerlarda joylashgan. Vaziyat 2025 yilning may oyida otishmada Kambodja askari halok bo‘lganidan keyin keskinlashgan. Tailand o‘shanda Kambodjani bahsli hududga mina qo‘yganlikda aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Malayziya Tailand Kambodja Anvar Ibrohim Pxumtxam Vechayachay Xun Manet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing