Tailand Bosh vaziri chet elliklardan o‘z vataniga borib o‘lishni so‘radi

Olam

image

Tailandda chet el fuqarolariga mahalliy hokimiyat organlarini suiiste’mol qilmasdan, o‘z vataniga borib o‘lish tavsiya etildi. Bu haqda “Nation” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tailandda uzoq vaqtdan beri istiqomat qilayotgan chet elliklarga bunday maslahatni mamlakat Bosh vaziri va Ichki ishlar vaziri Anuthin Chanvirakun bergan.

“Yaqinda men (chet elliklardan — tahr.) hatto xususiy qabriston tashkil etish bo‘yicha so‘rov tushganidan xabar topdim. Bu endi haddan tashqari ortiqcha, hamma chegaralardan chiqib ketishdir. Bu yerga kelishingizga ruxsat berganimiz uchun minnatdor bo‘lishingiz kerak.

Halol mehnat qilib daromad topish uchun keling. Agar o‘lishingiz peshonangizga yozilgan bo‘lsa, o‘z vataningizga borib o‘ling. Bu yerda o‘lishning hojati yo‘q. Bizni suiiste’mol qilishga urinmang”, deydi Chanvirakun Tailand provinsiyalari gubernatorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Bosh vazir, shuningdek, chet elliklar hokimiyat ruxsatisiz Tailand hududida o‘z xohishi bilan diniy muassasalar va jamoalar tuzmasligi, ayniqsa “restoran uchun litsenziya olib, uning o‘rniga ibodatxona ochmasligi” kerakligini qo‘shimcha qilgan.

U o‘z provinsiyalari hududida chet el fuqarolarining noqonuniy faoliyatiga, shuningdek, chet elliklarning Tailand an’analari va xalqiga hurmatsizlik qilish holatlariga qat’iy chek qo‘yishni buyurgan.

“Tailand chet elliklarni qabul qilishga tayyor, ammo hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak. Turizm mamlakatga mablag‘ va investitsiyalar olib keladi, ammo bu hech kimga boshqalarni suiiste’mol qilish yoki investitsiyalardan noqonuniy faoliyat yuritish uchun foydalanish huquqini bermaydi”, degan Bosh vazir va mamlakat hududida biznes tashkil etishda Tailand fuqarolaridan soxta shaxslar (nomdor a’zolar) sifatida foydalanish ham shunday faoliyatga kirishini tushuntirgan.

U gap faqat bir mintaqa emas, balki har xil mamlakatlar, jumladan, Osiyo, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlaridan kelganlar haqida ketayotganini qo‘shimcha qilgan.

Nashrning qayd etishicha, joriy hafta boshida Tailand rasmiylarining farmoyishi bilan ikki yil oldin tashkil etilgan va mahalliy ma’muriyat tomonidan qabriston litsenziyasi uzaytirilmagan xususiy yahudiy qabristoni tugatilgan.

Ma’lumot uchun, Tailand aholisining ko‘pchiligi buddaviylikka e’tiqod qilishi va uning an’analariga ko‘ra marhumlarning jasadi kuydirilishi (krematsiya qilinishi) sababli mamlakatda qabristonlar juda kam. Mavjud qabristonlarning aksariyati musulmon va xitoy qabristonlari. Shuningdek, qirollikda bir nechta rasmiy nasroniy qabristonlari, jumladan, katolik va protestant qabristonlari, shuningdek, pravoslav monastiri huzurida bitta rus pravoslav qabristoni mavjud.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 sentyabrdan boshlab Tailand 93 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston uchun amal qilayotgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing