Tadbirkorlarni 30 yildan beri qiynab kelayotgan muammo yechiladi – Prezident

Jamiyat

image

Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalasida qator o‘zgarishlar bo‘ladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida so‘z bordi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi. 

Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning turi ko‘pligi va og‘irligi masalasi bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida.

Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek 3 milliondan 12 million so‘mgacha ma’muriy jarima solinadi. Ya’ni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, savdo sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, ya’ni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).

Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.

Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

471

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing