Tadbirkorlarga texnika sotib olish uchun 130 mln dollar ajratiladi
Jamiyat
−
23 mart 2023
5602Joriy yilning 1 aprelidan boshlab mahsulot yetishtirish, qayta ishlash, xarid qilish hamda texnika sotib olish uchun 130 million dollar mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish uchun shu yilning o‘zida 6,2 trillion so‘m yangicha mexanizmlar asosida ajratiladi. Jumladan:
• qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavotchilikning aylanma mablag‘lari uchun 700 milliard so‘m ajratiladi;
• aholiga berilgan yerlarda ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun jami 500 milliard so‘m beriladi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 aprelidan 130 million dollar mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Bunda bank ustamasi bo‘lmaydi va tadbirkor bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu mablag‘lar mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va xarid qilish, texnika sotib olish uchun 10 yilgacha 14 foizdan ajratiladi.
Shu bilan birga, intensiv bog‘ va tokzorlar, logistika ob’ektlari tayyor qurilib, tadbirkorlarga lizingga beriladi. Endi tadbirkor 20 foizini oldindan to‘laydi, qolgan 80 foizini 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘laydi.
Bunda tadbirkorlar o‘z loyihalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining shaffof elektron platformasi orqali taqdim etadi. Vazirlik loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi moliyalashtiradi.
LiveBarchasi