Tadbirkorlarga litsenziya va ruxsatnomalar berish sohasi butkul yangilanyapti. Tadbirkorlarni nimalar kutyapti?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Loyihani tayyorlagan Adliya vazirligi hujjat bilan joriy qilinishi rejalashtirilgan asosiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, loyihaga asosan 1 000 ga yaqin belgilangan byurokratik jarayonlar qisqartirilmoqda. Xususan:

Birinchidan, sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etilmoqda.

Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va ularning faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini o‘zlari tasdiqlaydi. Bunda faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ hujjatlarni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinmaydi.

Farmon loyihasi bilan 44 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 13 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o‘tkazilmoqda.

Xususan, maktabgacha ta’lim, lombard, konsert-tomosha, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarini vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin bo‘ladi. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish ham endi xabardor qilish tizimiga o‘tadi.

Ikkinchidan, litsenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat yo‘nalishlari soni sezilarli ravishda qisqartirilmoqda.

Inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlash hamda xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Bunda “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinmoqda.

Farmon loyihasiga ko‘ra qariyb 100 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 35 ta ruxsatnomalarni bekor qilish orqali (31 ta) yoki muqobil shakllarga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Litsenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining yiliga qariyb 125 mlrd so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.

Mazkur yo‘nalishda auditorlik, baholash, rieltorlik, fonogrammalarni tayyorlash, yuklarni avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyatiga litsenziyalar bekor qilinmoqda. Shuningdek, xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga ruxsatnoma va sport inshooti ob’ekti pasportini olish, trenerlik faoliyatiga olinadigan ruxsatnomalarni ham bekor qilish taklif etilmoqda.

Uchinchidan, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi.

Buning uchun “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Vakolatli organlarga murojaat qilish, hujjatlarni topshirish faqat elektron amalga oshirilishi begilanyapti.

Tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni taqdim etishga chek qo‘yiladi. Litsenziya berish uchun boshqa organning ma’lumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak bo‘lsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning o‘zi yagona tizim orqali oladi.

Loyiha bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, QR-kod qo‘yilgan elektron hujjatlar taqdim etishga to‘liq o‘tiladi.

Mazkur ishlar natijasida, ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korrupsion holatlarning yuzaga kelishi cheklanadi, tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi, davlat organlarining maxsus blankalarni ishlab chiqarishga bir yilda yo‘naltiradigan 13 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lari tejaladi va qariyb 3,5 mln. dona qog‘oz sarflanishi oldi olinadi.

Ushbu informatsion tizimni va dasturni ishlab chiqishda Adliya vazirligi grant mablag‘larni jalb qilgan.

To‘rtinchidan, loyiha bilan biznes jarayonlar va ma’muriy tartiblarning keng ko‘lamli yengillashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Litsenziya talab va shartlari raqobatni cheklovchi qoidalarni, ya’ni tovar va xizmatlar bozoriga kirib kelishga to‘siq bo‘luvchi omillarni qisqartirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilanmoqda hamda 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilmoqda.

Masalan, Kredit byurosini ochish uchun litsenziya olishda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talabini bekor qilish, ayrim faoliyat turlari uchun ustav fondi miqdoriga qo‘yiladigan minimal talablarni olib tashlash hamda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlashtirishni ixtiyoriy etib belgilash taklif etilmoqda.

Beshinchidan, vakolatli organlar tashabbusi bilan litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshirish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, litsenziya berish to‘g‘risidagi arizalar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasa, tadbirkorlik sub’ektining roziligi bilan unga avtomatik ravishda litsenziya yoki ruxsatnoma rasmiylashtirib beriladi. Bunday imkoniyat “Litsenziya” axborot tizimida nazarda tutiladi.

Oltinchidan, davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi bekor bo‘lmoqda.

Mazkur qoida davlat korxonalarini xususiy tadbirkorlardan ustun qo‘yishga, bozorda teng bo‘lmagan sharoitlarning yaratilishiga, davlat korxonalarining monopol mavqega ega bo‘lib qolishiga olib keldi. Shu bilan birga, ushbu tashkilotlarda litsenzion talab va shartlarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilmay qolishi kabi salbiy oqibatlar yuzaga keldi. Loyihaga ko‘ra, qayd etilgan tashkilotlar joriy yil oxiriga qadar tegishli litsenziyani rasmiylashtirish choralarini ko‘rishlari lozim.

Yettinchidan, ruxsat berish tartib-taomillariga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni tizimlashtirish, kodifikatsiyalash va normativ yukini qisqartirish choralari ko‘riladi.

Bunda 20 yil avval qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, shuningdek “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlari joriy qilinadi. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib o‘tirishga zarurati qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy ma’lumot va talablar bitta hujjat – pasportlarda aks ettiriladi.

Shu bilan birga, loyiha bilan litsenziyalash va ruxsat berish tizimi islohotini bir martalik emas, balki davomli va natijali qilish uchun zamin yaratilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlik litsenziya

Baholaganlar

107

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing