Tadbirkorlarga “Biznesni rivojlantirish banki”ga ulushdor bo‘lib kirish huquqi beriladi
Jamiyat
−
18 avgust 2023
3483Endilikda O‘zbekistonda kichik biznes markazlarini boshqarishga xususiy sheriklar jalb qilinadi. Shu orqali tadbirkorlarga “Biznesni rivojlantirish banki”ga ulushdor bo‘lib kirish huquqi beriladi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, kichik biznes markazlari ko‘magida loyiha tashabbuskori va yirik davlat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalari o‘rnatiladi. Bunda yangi korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, xodimlar malakasini oshirish va mahsulotini realizatsiya qilishga markazlar yordam beradi. Shu bilan birga ushbu korxonalarga davlat xaridlari tizimida o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni 2 yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bilan sotishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, markazlarga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi. Bunda biznes-konsultant, muhandis-texnolog, dizayner, mehmonxona boshqaruvchisi, marketolog, agronom, veterinar, urug‘shunos kabi xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma berish muddati hozirgi 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi. Ishlashga ruxsatnoma to‘lovi esa hozirgi 10 million so‘mdan 330 ming so‘mga tushiriladi. Ularga hududiy mehnat organidan ishga jalb etish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish talab qilinmaydi.
Bildirilishicha, markaz bilan hamkorlikda kichik biznes loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar soddalashgan tartibda belgilanadi. Bank ham, markaz ham yangi loyiha daromad keltirib, tadbirkor faoliyati rivojlanishidan manfaatdor bo‘lishi uchun yangi kichik biznes loyihasi ishga tushgach, ikki yil davomida ulardan tushadigan barcha soliqlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning aylanma mablag‘i uchun o‘tkaziladi. Ya’ni, tadbirkor qancha ko‘p daromad topishidan bank manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu dasturda istalgan davlat va xususiy banklar ishtirok etishi, o‘zlari ham resurs jalb qilishi mumkin. Banklarning dastur doirasida olgan foydasi soliq bazasidan chegirib tashlanadi. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana 500 million dollar jalb qilinadi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbuslardan bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes sub’ektlarini “oyoqqa turg‘izish”, kamida 25 mingtasini o‘rta korxonalarga aylantirish, sohada 250 ming yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq aynan shu tadbirda Respublikadagi “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantirilgani aytilgandi.
LiveBarchasi