Tadbirkorlarda muammo bo‘lishi investitsiya muhitiga ta’sir qiladi – Umurzoqov
Jamiyat
−
14 dekabr 2021
5432Tadbirkorlarning muammolari bo‘lishi, biznes va investitsiyaviy muhitga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli O‘zbekistonda tadbirkorlarning muammolarini hal etishda ko‘maklashuvchi Biznes-ombudsman instituti tashkil etilgan. Bu haqda bugun, 14 dekabrda Bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “Hududlararo hamkorlik va biznes yaxlitligini mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro forumda ma’lum qildi.
QALAMPIR.UZ jurnalisti forumda bevosita ishtirok etib, Sardor Umurzoqovdan O‘zbekistondagi Biznes-ombudsman faoliyatini qanday baholashini so‘radi.
“O‘zbekistonda Biznes-ombudsman yangi tizim, lekin oyoqqa turyapti. Rossiya Biznes-ombudsmani Boris Titov O‘zbekistonda Biznes-ombudsmanga berilgan vakolatlarni alohida e’tirof etdi. Rossiya ombudsmaniga ham bunday keng vakolatlar berilmagan ekan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Biznes-ombudsman o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan”, deydi u.
Umurzoqov so‘zida davom etib, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan qiladigan ishlar juda ko‘pligi, shuningdek, bugungi kungacha bu tizim oyoqqa turgani, shakllangani va o‘z natijasini ko‘rsatishni boshlaganini ta’kidladi.
QALAMPIR.UZ O‘zbekistonda tadbirkorlarning huquqi buzilishi, ularga nisbatan nohaqliklar bo‘lishi, O‘zbekistonga investorlar kelishi va investitsiya kiritishga qanchalik salbiy ta’siri borligini so‘radi.
“Albatta, tadbirkorlarning muammolari bo‘lishi biznes va investitsiyaviy muhitga katta ta’sir qiladigan omillardan biri. Shu sababli ham biznes-ombudsman bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib birga ishlashga qaror qilganmiz”, deydi Investitsiya va tashqi savdo vaziri.
Ma’lumot uchun, ushbu forum O‘zbekiston tarixida ilk marta Yevropa va Osiyo tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakillar ya’ni Biznes-ombudsmanlar ishtirokida o‘tkazildi.