Tabrizda 20 yoshli qiz vazirlikka chaqirtirilganidan so‘ng shubhali tarzda vafot etdi
Olam
−
29 mart
25739Eronda sobiq siyosiy mahbus, 20 yoshli Sara Tabriziy Eron Axborot, razvedka va xavfsizlik vazirligiga chaqirtirilganidan keyin shubhali tarzda vafot etdi. Bu haqda kecha, 28 mart kuni "Iran International" nashri ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, u oliy yetakchi Oyatulloh Ali Xomanaiyni haqorat qilish, qalbaki hujjatlar va birovning pasportidan foydalanish kabi jinoyatlarni sodir etgan. Tabriziy hayotining so‘nggi haftalarida Eron hukumati xavfsizlik agentlari tomonidan qattiq ruhiy bosimga uchragan va o‘limidan bir kun oldin Eronning mashhur josuslik vazirligiga chaqirilgan. U Tehron inqilobiy sudida taniqli sudya Imon Afshariy tomonidan sud qilingan. 2023 yilning oktyabr-noyabr oylarida va joriy yilning yanvarida qamoqda o‘tirgan.
16 noyabr kuni Tabriziy Angliyaga ketayotganida Tehron xalqaro aeroportida xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan. U Razvedka vazirligiga qarashli, Nobel mukofoti sovrindori Nargis Muhammadiy saqlanayotgan Evin qamoqxonasining 29-bo‘limiga yuborilgan. Taxminan o‘n kunlik so‘roqdan so‘ng, u 10 milliard rial (20 ming dollar) garov evaziga ozod qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tabriziy hibsning dastlabki uch kunini bir kishilik kamerada o‘tkazishga majbur bo‘lgan, oqibatda qizning qon bosimi oshgan va yurak urishi tezlashgan. Keyinchalik uni Evin qamoqxonasidagi uch kishilik kameraga o‘tkazishgan.
Tabriziy joriy yilning 8 yanvar kuni yana bir bor chaqirilib, hibsga olingan. Bu safar 20 milliard rial (40 ming dollar) garov evaziga ozod qilingan.
Eronning yuridik tibbiyot tashkiloti Tabriziyning oilasiga xavfsizlik xodimlari ishtirokida taqdim etgan rasmiy hisobotida uning o‘limiga hab dori qabul qilish sabab bo‘lganini bildirgan. Uning oilasi qizning jasadidan hech qanday dori iste’mol qilish alomatlari yo‘qligini aytgan.
"U o‘z joniga qasd qilganmi, insult bo‘lganmi yoki davlat xodimlari tomonidan o‘ldirilganmi, biz bilmaymiz”, degan qizning yaqinlari.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi. Butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi. Uch oy ichida miting va yurishlar 157 ta shahar va aholi punktlarini qamrab oldi. Ularning ishtirokchilarini demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoraladi va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Jami 18,5 mingdan ortiq kishi hibsga olindi. Tartibsizliklarni bostirish vaqtida 507 nafar faol va 66 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi