Ta’limga bekorga eng ishongan kadrimni olib kelmadim – Shavkat Mirziyoyev (video)
Jamiyat
−
14:52 1688 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev nega Erkinjon Turdimovni Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlagani haqida gapirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi bugun, 12 oktyabr kuni Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotda so‘z ochdi.
“O‘zlaring ko‘rdinglaring, men Ta’lim vazirini o‘zgartirdim. Eng ishongan kadrimni olib kelib, Ta’lim vaziri qilganimning sababi son ko‘payib ketdi, sifat kamayib ketdi. Meni juda tashvishga soladi. Shuning uchun men juda katta tajribaga ega, to‘rtta viloyat hokimi bo‘lgan odamni ta’limga olib keldim. Buning tagida juda katta ma’no bor. Endi bu narsalarga Prezident mutlaqo boshqacha qaraydi. Endi tibbiyotga, ta’limga e’tibor mutlaqo o‘zgaradi”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni Erkinjon Turdimov Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlangan edi.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Ta’lim va ilm-fan vaziri respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarida zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatiga vakolati doirasida umumiy rahbarlik qilishi, ularni muvofiqlashtirishi belgilandi. Ushbu yo‘nalishlar ijrosini nazorat qilish va tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklandi.
Turdimov 2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi, 2016-2018 yillarda Surxondaryo viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2018 yildan 2024 yilgacha Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan. 2025 yilning yanvarida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi, 2025 yilning dekabrida Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlangan.
Live
Barchasi