“Ta’limdan Islomni sug‘urib oldik. Payg‘ambarimiz hadisini keltirishdan cho‘chidik” – Abduqodir Toshqulov

Jamiyat

image

Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim va umuman ta’lim sohasida korrupsiyaning ko‘payishiga bu sohadan Islom ta’limotlarining chiqarib tashlanishi bilan bog‘ladi.

Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim va xalq ta’limi sohasidagi adolatsizlik hamda korrupsiya holatining tub ildizlariga doir fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Biz yuz yil oliy ta’limdan ham, ta’limdan ham Islomni sug‘urib oldik. Islom ma’naviyatini sug‘urib oldik. Halol bilan harom, to‘g‘ri yashashni sug‘urib oldik. Biz Gyoteni o‘rgatdik, lekin janob Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarini keltirishdan cho‘chidik. 

Mana kecha, (Oliy Majlis) Yuqori palata raisi va Korrupsiyaga qarshi respublika idoralararo komissiya raisi majlisda hadisdan iqtibos keltirdilar. Jinoyat kodeksining 210 va 211- moddalari sanksiyalari ham ayni hadisdan olingan. Kodeksda ham pora bergan va olgan uchun jazo tayinlangan. Biz bularni o‘rganmadik. Islom ma’rifatini faqat imom gapirsin dedik. Dunyoviy bilim olganlar gapirsa, unga boshqacha qaradik. (Oqibatda) nima bo‘ldi? 

Korrupsiya haqida gapiradigan bo‘lsak, oliy ta’limda nafaqat korrupsiyaga yo‘l qo‘yildi, balki yosh, kelajak avlodga korrupsiya o‘rgatildi. Adolatsizlik o‘rgatildi. Oliy ta’limdagi muammolar...

Mana hozir binolar ko‘rsatildi. Men kechirim so‘rayman, ajdodlarimiz yarmigacha sho‘r bosib yotgan madrasalarda Qur’onni 9 yoshgacha yodlagan. Bularni tuzatsa bo‘ladi. Agar chiroyli binolar bilan allomalar chiqadigan bo‘lsa, bilasizmi, hozir qancha Termiziylar, Buxoriylar chiqar edi?! 

Ta’limning sifatiga adolatsizlik sabab. Birinchi kurs talabasi birinchi semesterda yaxshi o‘qiydi, ammo semester yakunida adolatsizlikni ko‘rgach, 7 semester o‘qimaydi. Nima uchun, tanish-bilish, tamagirlik”, deya ta’kidladi Termiz Davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov.


Maqola muallifi

Teglar

ta'lim Abduqodir Toshqulov

Baholaganlar

315

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing