Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasiga oid ko‘rgazma bilan tanishdi

Jamiyat

−

image

Bugun, 30 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari dastlab O‘zbekistonda ta’limning uzviyligini ta’minlash borasidagi ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar taqdimotini ko‘zdan kechirgan. “Maktabgacha ta’lim”, “Maktab ta’limi”, “Iqtidorli maktab o‘quvchilari”, “Professional ta’lim” va “Oliy ta’lim” pavilonlarida bolaning ilk yoshidan kasb egallashiga qadar bo‘lgan ta’lim bosqichlaridagi islohotlar namoyish etilgan.

Mamlakat yetakchisi universitetning o‘quv va ilmiy infratuzilmasi bilan tanishgan. “Kelajak muhandislari” maydoni, “Bloomberg” laboratoriyasi, fizika o‘quv laboratoriyasi, muhandislik fanlari o‘quv zali va Apple Training Center o‘quv markazida talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida axborot berilgan.

Shuningdek, Idrock sun’iy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda ADM mashinasozlik laboratoriyalarining faoliyati namoyish etilgan. Bu maydonlar talabalarning nazariy bilimini amaliy mashg‘ulotlar, tadqiqot va loyihalar bilan bog‘lashga xizmat qiladi.

Davlat rahbari universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalari, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha xorijlik hamkorlari bilan suhbatlashgan.

Tashrif davomida Prezident mamlakatning faol va tashabbuskor o‘qituvchi hamda murabbiylari bilan esdalik uchun suratga tushgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing