Bosh prokuror ta’lim sohasida talon-toroj qilingan pullar haqida gapirdi
Jamiyat
−
18 yanvar 2020
10208Byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, sohadagi sust ijro intizomi, asosiy korrupsiyaviy omillar haqida Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev so‘z yuritdi.
Bu haqda u 18 yanvar kuni Bosh prokuraturada o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida aytib o‘tgan. Unda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilingani haqida xabar bergan edik.
Oliy ta’lim muassasalari ilmiy - tadqiqot faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar ham yig‘ilish a’zolari tomonidan muhokama etildi. Ilmiy daraja berish tartib - taomillaridagi murakkabliklar, o‘rinsiz talab va korrupsiyaviy omillar ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatayotganligi alohida ta’kidlandi.
“Byudjet mablag‘larini sarflash jarayonidagi talon-torojliklar sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan tekshirilgan 1.107 ta vazirlik muassasasining 1.035 tasi yoki 93 foizida 16,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan”, deyiladi xabarda.
Nig‘matulla Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, ijro intizomi, yuridik xizmat faoliyati yetarli yo‘lga qo‘yilmagani oliy ta’lim sohasida yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holatlarining asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Bosh prokuror oliy ta’lim masalasiga e’tiborsiz qaralgan vaziyatlarda yuzaga keladigan mudhish oqibatlar haqida so‘z yuritib, Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qo‘yilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.
“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir.
Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo‘lidan bemorlar o‘lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo‘ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo‘lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo‘lida zavol topadi.
Ta’limning inqirozi – bu millat inqirozidir” deya ta’kidlagan Bosh prokuror.
Xabaringiz bor, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi oldingisidan farqli ravishda elektron ommaviy axborotlarning ishtirokisiz o‘tkazildi. Sabab esa hozircha noma’lum.
LiveBarchasi