Sobiqlikdan-sodiqlikkacha: Trampning sobiq advokati AQSH Bosh prokurori bo‘ldi
Olam
−
15:57 503 3 daqiqa
AQSH Senati Donald Trampning sobiq shaxsiy advokati Todd Blanshni mamlakat Bosh prokurori lavozimiga tasdiqladi. Uning nomzodi respublikachilar orasidagi qarshiliklarga qaramay ma’qullandi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ovoz berishda Luiziana shtatidan senator Bill Kessidi hal qiluvchi ovozni bergan. Ikki respublikachi senator – Meyn shtatidan Syuzan Kollinz va Alyaskadan Liza Murkovski Blanshga qarshi ovoz bergan. Senatdagi barcha demokratlar ham uning nomzodini rad etgan.
“Janob Blansh mukammal emas va uning o‘zi ham buni aytadi. Ammo tanlov mukammallik va Blansh o‘rtasida emas. Tanlov Blansh va Tramp prezidentligi davrida Adliya vazirligini samarali boshqara olmasligi, hattoki Blanshdan ham yomonroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa bosh prokuror vazifasini bajaruvchi o‘rtasida”, degan Kessidi.
Blanshning nomzodi bir necha hafta davomida Senatda noaniq holatda qolgan. Bunga Adliya vazirligining 1,8 milliard dollarlik “siyosiy qurollanishga qarshi jamg‘arma” tashkil etish hamda prezident, uning o‘g‘illari va biznesiga soliq masalalarida immunitet berish haqidagi kelishuvi sabab bo‘lgan.
Murkovskiy ushbu jamg‘armaga qarshi chiqib, ovoz berishdan avval xavotirlarini bildirgan.
“Men Adliya vazirligining qariyb 2 milliard dollarlik yashirin jamg‘armasi 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga bostirib kirgan Tramp tarafdorlarini mukofotlagan bo‘lishi mumkinligini yaxshi tushunaman. Bu jamg‘arma hozircha Senatning ta’siri sababli kun tartibidan chiqarilgan. Ovoz berilgach esa bu imkoniyat yo‘qoladi va keyin nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.
Shunga qaramay, Texas shtatidan senator Jon Kornin va Shimoliy Karolinadan senator Tom Tillis Blanshdan jamg‘arma tashkil etilmasligini yozma ravishda tasdiqlashni va AQSH Ichki daromadlar xizmati bilan kelishuv doirasini aniqlashtirishni talab qilgan. Ularning qo‘llab-quvvatlashi Blansh nomzodining Senat sud-huquq qo‘mitasidan o‘tishiga yordam bergan.
Blansh Adliya vazirligining marhum moliyachi Jeffri Epshteynga oid hujjatlarni e’lon qilish jarayoni uchun ham tanqid qilindi. Xususan, ayrim ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilgani, aksincha, jabrlanuvchilarning maxfiy saqlanishi kerak bo‘lgan ismlari ochiq qolgan.
Blansh 2023 yilda Trampni himoya qilish uchun daromadli advokatlik faoliyatini tark etgan. Shundan buyon u Trampning federal hukumat ustidan nazoratini kuchaytirishga qaratilgan siyosatining muhim figurasi bo‘lib kelmoqda.
U bosh prokuror o‘rinbosari va bosh prokuror vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan davrda sobiq FQB direktori Jeyms Komi, Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms hamda “Southern Poverty Law Center” tashkilotiga qarshi ishlar ochilgan.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi Michigan shtatidan senator Elissa Slotkin va Arizona shtatidan senator Mark Kelliga qarshi jinoiy ish ochishga uringan. Blansh davrida vazirlikning siyosiylashuvi yuzasidan ham tanqidlar kuchaygan.
“Men janob Blanshni qobiliyatli huquqshunos deb hisoblasam-da, Adliya vazirligi tobora siyosiylashib bormoqda. Janob Blansh vazirlikning mustaqilligini yanada zaiflashtirgan bir qator harakatlarni amalga oshirdi. Men uning tasdiqlanishiga qarshi ovoz berishimga aynan shu sabab bo‘lmoqda”, degan senator Syuzan Kollinz.
Blansh esa avvalroq bosh prokuror lavozimini egallash borasidagi munosabati haqida gapirib, Trampga sodiqligini bildirgan.
“Men bu ishni so‘ramaganman. Men Prezident Tramp bilan ishlashni yaxshi ko‘raman, bu hayotimdagi eng katta sharaf. Agar u boshqa birovni nomzod qilib ko‘rsatsa va mendan boshqa ish bilan shug‘ullanishimni so‘rasa, men: “Katta rahmat. Men sizni yaxshi ko‘raman, janob”, deyman. Menda bundan boshqa maqsad yoki intilish yo‘q”, degan Blansh.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp tavsiya qilgan Darlin Grem Nordon marhum akasi Lindsi Gremning o‘rniga AQSH Senatiga tayinlangan edi.
Live
Barchasi