Ta’lim, qurilish, sog‘liqni saqlash va sud tizimi nega eng korrupsiyalashgan? Norboyeva javob berdi
Jamiyat
−
30 noyabr 2020
7796O‘zbekistondagi korrupsiya holatlari haqida so‘z ochilsa, birinchi navbatda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridan poraxo‘rlik holatlari tilga olinishi odatga aylangan. Avvallari bolani maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashdan tortib, to oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun ham kimningdir cho‘ntagiga qo‘l suqish kerakligi aytilardi. Bu orada korrupsiyani keltirib chiqaradigan ayrim mayda omillarga to‘siq qo‘yildi, “nahang”lar esa yangi yo‘llarni topishda davom etmoqda. Mahalladan “spravka” olish, bolani maktabga joylash korrupsiyasiz bitayotgandir, ammo uning o‘rniga yangi va yoqa ushlatadiganlari o‘ylab topilmoqda. Bu esa pandemiya davrida yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘rnatilgan cheklovlarni oshib o‘tish uchun kimningdir og‘zini moylamoqchi bo‘lganlar ham topildi. Yoki o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, davlat byudjeti mablag‘larini o‘g‘rilaganlar ham talaygina bo‘ldi. Bu korrupsiyaning biroz boshqacha ko‘rinishi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda qurilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sud tizimi sohalari nima uchun korrupsiyaga eng ko‘p botgan sohalar sifatida aytiladi? Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva “Sputnik” nashriga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi.
“Chindan ham ushbu sohalarda korrupsiya xavfi yuqori va buning sababi shundaki, aftidan ushbu sohalarda inson omili, boshqaruv tizimidagi, davlat xizmatini tashkil etishdagi kamchiliklar – haddan ortiq byurokratiya va ma’muriy to‘siqlar va boshqa chiqimlar ko‘proqdir. Shu munosabat bilan bunday omillarning ta’sirini nafaqat ushbu faoliyat sohasidagi ishlarda, balki boshqa faoliyat sohalarida ham kamaytirish zarur”, deydi Norboyeva.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va bartaraf etishga qaratilgan ishlarda hal qiluvchi qadam bo‘ldi. Farmonga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan boshlab 70 turdagi litsenziya va 35 ta ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat bekor qilinmoqda.
“Elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar korrupsiyaga qarshi kurashishning kuchli vositalaridan biriga aylandi. Shu nuqtai nazardan elektron hukumatni rivojlantirish muhimligiga urg‘u bermoqchiman. Uning korrupsiyani kamaytirishdagi salohiyati hali yetarlicha amalga oshirilmagan va shu sababli biz joylarda elektron hukumat faoliyati mexanizmidan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishimiz kerak.
Shu bilan birga, nafaqat yuqorida sanab o‘tilgan sohalarda, balki davlat hayoti va faoliyatining boshqa sohalarida ham ayrim davlat organlari xodimlari huquqiy madaniyatining past darajasi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi tizimli sabablardan biri bo‘lib, uni yo‘q qilish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Afsus bilan ta’kidlash joizki, ayrim davlat organlari xodimlarining huquqiy ongi korrupsiya jamiyatimiz hayotini buzadigan hodisa ekanini anglaydigan darajaga yetmagan”.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning yanvar – sentyabr oylarida korrupsiyaviy jinoyatlarda ayblangan 647 mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular orasida 89 nafari Xalq ta’limi vazirligi, 57 nafari Sog‘liq saqlash vazirligi, 36 nafari Maktabgacha ta’lim vazirligi, 15 nafari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimi xodimlari.
LiveBarchasi