“Svet” va gazning narxi qachondan oshishi va erkin bo‘lishi aytildi
Jamiyat
−
04 iyul 2022
310162026 yildan elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi va narxlar erkin belgilanadi. Bu haqda bugun, 4 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Quvonchbek Mustafoyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 31 may kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamasi 15 iyunga qadar davom etgan. Hujjat loyihasiga 1 100 dan ortiq taklif va e’tirozlar kelib tushgan.
Ma’lumotga ko‘ra, eng ko‘p takliflar qish mavsumida elektr energiyasiga (tabiiy gaz uchun o‘rnatilgani kabi) belgilangan ijtimoiy me’yor shakllantirish bo‘yicha yuborilgan.
“Takliflarning aksariyatida ijtimoiy me’yor kiritilayotganiga e’tiroz mavjud emasligi, biroq ijtimoiy me’yor miqdorini oshirish zarurligi bildirilgan. Qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, takliflarni inobatga olgan holda, yoqilg‘i-energetika narxlarini o‘zgartirishga oid Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarori qabul qilindi. Qaror loyihasi bilan joriy yilning 15 iyulidan boshlab aholi uchun 1 klv soat elektr-energiyasining narxi o‘zgarishsiz, ya’ni 295 so‘m, 1 klv soat elektr-energiyasi Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari hamda byudjet tashkilotlari uchun 800 so‘m, boshqa yuridik shaxslar uchun 600 so‘m beklanishi nazarda tutilgan", deydi u.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi vakili so‘zida davom etarkan, gaz narxi ham aholi uchun o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qildi.
"Aholi uchun 1 kub metr tabiiy gaz iste’moli o‘zgarishsiz, ya’ni 380 so‘m, 1 kub metr tabiiy gaz Navoiy va Olmaliq kon- metallurgiya kombinatlari hamda byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompress stansiyalari uchun – 1 150 so‘m, Issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1100 so‘m etib, suyultirilgan gaz narxi esa aholi uchun o‘zgarishsiz, ya’ni 1120 so‘m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan”, deydi Quvonchbek Mustafoyev.
Shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energiya tejamkorlikni oshirish maqsadida 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlar ham mazkur qaror bilan belgilab berilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari kelgusi yillarda qayta ko‘rib chiqilishida inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi. 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Qayd etilishicha, muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasi bo‘yicha aholi tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, qaror loyihasida aholi uchun joriy etilishi nazarda tutilgan “ijtimoiy me’yor”ning joriy qilinishi mutaxassislar tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda va mazkur qaror bilan aholi uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi. Qarorda 2022 yil 1 iyuldan O‘zbekiston bo‘ylab aholiga gaz va elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinishi va narx oshirilishi taklif qilindi.
Mazkur qaror loyihasida 2022 yil 1 iyuldan boshlab elektr energiyasi bo‘yicha aholi uchun oyiga 250 kVt soatgacha "ijtimoiy norma" berilishi, 1 kVt 325 so‘mga baholanishi, normadan oshiq iste’mol qilingan elektr energiyasining har 1 kVt soati uchun – 650 so‘m to‘lanishi taklif qilingan edi.
Tabiiy gaz bo‘yicha o‘rnatiladigan tartib isitish mavsumini hisobga olib , quyidagicha taklif berilgan edi:
aholi uchun:
• 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m;
• isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘mni tashkil qiladi.
Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m etib belgilanishi taklif qilingandi.