“Svet” va gaz uchun oldindan to‘lov qilganlarga eski tarif 2 oygacha amal qiladi
Jamiyat
−
28 mart
4335Joriy yilning 1 aprelidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar joriy etilishi rejalashtirilgan. Agar elektr va tabiiy gaz uchun to‘lov oldindan amalga oshirilsa, eski tariflar ikki oygacha amal qilishda davom etadi. Mazkur ma’lumotni Energetika vazirligi QALAMPIR.UZ'ga tasdiqladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, elektr energiyasi tariflari o‘zgargan taqdirda, maishiy iste’molchilar ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga yetarli avans mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lovdan ozod qilinadi. Boshqa iste’molchilar, jumladan tadbirkorlar uchun bu muddat bir oydan oshmasligi belgilangan.
Shuningdek, agar tariflar o‘zgarsa, gaz uchun oldindan to‘lovni amalga oshirgan iste’molchi ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan ozod qilinadi. Bunda ushbu davr mobaynida jismoniy shaxs oldindan to‘lov miqdoridan ortiqcha gaz iste’mol qilmasligi zarur.
1 apreldan gaz va elektr energiyasi tariflari o‘zgaradi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumat qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlangandi.
Qarorda 1 apreldan bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar ham belgilangan. Xususan, apreldan boshlab elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhiga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz, ya’ni 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘mdan yetkaziladi.
III guruh iste’molchilari, shuningdek, markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanmoqda:
- oyiga 200 kVt/soatgacha — 300 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 500 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 750 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 875 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 1 000 so‘mdan.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha — 600 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 1 000 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 1 500 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 1 750 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 2 000 so‘mdan.
Iste’molchilarning IV guruhi ham keyingi yilning 1 aprelidan e’tiboran bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘mdan to‘laydi.
Barcha tabiiy gaz iste’molchilar uchun to‘lov miqdori bir kubometr uchun 1 800 so‘mdan etib belgilanmoqda.
AGTKSHlar uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib berilsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 so‘mdan to‘laydi.
Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun iste’mol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar o‘zgaradi. Ya’ni, 1 apreldan noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:
- oyiga 500 kub metrgacha — 1 000 so‘m;
- oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;
- oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda bir kub metr uchun 3 000 so‘m.
Mart-oktyabr oylaridagi bir oylik iste’mol uchun esa quyidagicha haq to‘lanadi:
- oyiga 100 kub metrgacha — 1 000 so‘m;
- oyiga 101 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;
- oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz iste’mol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 so‘mdan.
Maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 2 000 so‘m etib belgilanadi.
LiveBarchasi