“Svet va gaz o‘chmaydi, faqat uch-to‘rt yildan keyin”. Energetika vazirligi va’da berdi

Jamiyat

image

3-4 yildan keyin elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlar muammosi 2027-2030 yillargacha to‘liq hal etiladi.

 “Oldimizda yana kamida 3-4 yillik ish turibdi. 3-4 yildan keyin – 2027-2030 yillargacha nasib qilsa elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi deb va’da bera olamiz”, deydi u.

Toshxo‘jayevga ko‘ra, 274 ming kilometrlik elektr uzatish tarmoqlaridan 122 ming kilometri, ya’ni 44,5 foizi eskirgan. 94 mingdan ziyod transformatorlardan 33 mingtasi ham shu ahvolda.

"O‘tgan yili davlatimiz rahbarining shaxsan e’tiborlari, g‘amxo‘rliklari bilan sohaga juda katta e’tibor qaratildi. Xabaringlar bor, 14,5 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Biz bu mablag‘ga sohani ancha-muncha modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirib oldik. To‘g‘ri, 100 foiz ta’mirlab oldik deyolmaymiz. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni 100 foiz deb oladigan bo‘lsak, bu mablag‘ga 18-20 foizi qilindi”, degan Toshxo‘jayev.

Matbuot kotibi o‘tgan kuz-qish mavsumida avariyaviy o‘chishlar soni bir yil oldingiga nisbatan 6,5 baravarga kamayganini aytib o‘tgan.

"O‘tgan yili 14,5 trln so‘mga ta’mirlash ishlarini amalga oshirdik, deb aytdim. Buning samarasini bu yil Toshkent shahrida hamma sezdi, nazarimda. Respublika miqyosida oladigan bo‘lsak, 2022-2023 kuz-qish mavsumida 7943 ta avariyaviy o‘chishlar bo‘lgan edi. 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumida mana shunday avariyaviy o‘chishlar soni 1259 taga, ya’ni qariyb 6,5 baravarga qisqardi. Bu – juda katta gap", degan u.


Maqola muallifi

Teglar

Energetika vazirligi O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing