“Suvsoz” Olmazordagi “hovuz”ni qachon berkitadi? Kanalizatsiyaga oqqan suvning qadri yo‘qmi?
Jamiyat
−
02 Sentabr 2019
7918Ichimlik suvi tanqisligi bugungi kunda eng keskin tus olayotgan va yechimi topilishidan darak yo‘q bo‘lgan global muammo hisoblanadi. Dunyo aholisining 1 mlrddan ortig‘i toza ichimlik suvini iste’mol qilishdan mosuvo. Ko‘plab mamlakatlar esa, suvni tejash uchun millionlab dollar pul sarflayapti.
Ammo O‘zbekistonda, xususan, poytaxt Toshkentda ichimlik suvi kanalizatsiyaga oqib isrof bo‘lyapti.
Tahririyatimizga Toshkent shahrining Olmazor tumani, “Moyariq” mahallasida ichimlik suv quvuri yorilib, asfaltni o‘pirib yuborgani haqida murojaat tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalladagi ichimlik suvi oqib o‘tuvchi quvur yorilib bir hafatadan beri suv oqib isrof bo‘lyapti. Natijada ko‘chaning o‘rtasida “hovuz” paydo bo‘lgan.
“Truba bundan 6 kun avval kechasi yorilib ketdi. Suv asfaltni o‘pirib yubordi. Ko‘chaga oqib chiqa boshlagandan keyin, “Suvsoz”ga murojaat qildik. Ular kelib, butun mahallaning suvini o‘chirib ketdi. Bir sutka suv bo‘lmadi. Keyin esa kelib, plastik trubaga temir trubani ulashdi. Ular bir-biriga mos kelmaydi, truba yorilib, ahvol yomonlashdi. Shu bilan ketishdi. Hozircha hech kim qaytib kelmadi. “Suvsoz” degan belgini qo‘yishgan, shu bilan yotibdi”, dedi QALAMPIR.UZ manbasi.
“Moyariq”dagi vaziyat yuzasidan “Suvsoz” DUK Olmazor tumani suv tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Luqmon Hakimov bilan bog‘landik.
“Moyariq” mahallasiga bordik. U yerda mahallaning o‘zi qo‘ygan plastik truba bor ekan. Unga temir truba ulagandik, yaxshi joylashmadi. Hozir materialni qidiryapmiz. Trubasi nostandart bo‘lgani uchun topilmayapti. Bugun yoki ertaga bu muammoni hal qilamiz”, dedi mas’ul.
Yoz oxirlab qolgan bo‘lsa-da kunning asosiy qismida havo issiq bo‘lyapti. Shunday vaziyatda odamlarni bir sutkaga suvdan uzib qo‘yishni mantiqli qaror deb, bo‘lmaydi.
Ko‘chaning o‘rtasida paydo bo‘lgan “hovuz”ning atrofi o‘rab ham qo‘yilmagan. O‘ynab yurgan bolalar va qorong‘uda ko‘chadan o‘tgan avtomobil bu hovuzga tushib, suvga bo‘kishi yoki undan ayanchliroq oqibatlarga duchor bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.
Muammoni hal qilishi kerak bo‘lgan tashkilotning loqaydligi esa masalaning cho‘zilib, bayram kunlariga ulanib ketishiga sabab bo‘ldi. Bayram kunlari hamma do‘konlar ham ishlayvermaydi. Demak, “Moyariq”dagi masalaning yechimi yana kechikadi. Minglab kub metr suv isrof bo‘lishda davom etadi.
QALAMPIR.UZ “Moyariq”da suv isrofi to‘xtatilmaguncha, vaziyatni kuzatib boradi. Ko‘ramiz, yorilgan truba muammosining yechimi o‘zini qancha kuttirar ekan... Ha yana bir gap, suvdan hosil bo‘lgan xovuzni to‘ldirib, o‘pirilgan asfaltning tekislanishi uchun oylar kerak bo‘larmikan yoki yillar, bunisi yanada qiziq.
Bir narsaga e’tibor qaratmasak bo‘lmas. Olmazor tumani bir necha haftadirki barchaning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Avvaliga tuman hokimi o‘rinbosari murojaat yuzasidan kelgan jurnalistga tashlanib, quvib yubordi. Keyinroq esa tuman hokimi Baxtiyor Rahmonov bank rahbarlarini so‘kib, haqorat qilgan audioyozuv tarqaldi. Navbatdagi “syurpriz” nima bo‘larkin?
LiveBarchasi