Suvdan foydalanuvchilar uchun sug‘orish mavsumida limitlar belgilanadi
Jamiyat
−
04 iyun 2020
4739Joriy yilning 1 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020 yil yozgi mavsumida ekin maydonlarini suv bilan ishonchli ta’minlash va suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 344-son qarori qabul qilindi. Bu haqda "Norma" xabar berdi.
Respublika suv havzalarida sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligini hisobga olgan holda, 2020 yil yozgi sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish, sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ishonchli ta’minlash hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etiladi.
Komissiyaga suv resurslaridan foydalanishni to‘liq nazoratga olish, yirik suv omborlaridan suv chiqarishni qat’iy ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining talabnomalari bo‘yicha amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Buning uchun har bir viloyatda va tumanda hududiy ishchi guruhlar va shtablar tashkil etiladi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• 2020 yil yozgi sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ishonchli ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
• sug‘orish uchun talab etiladigan suv miqdori, uning yetishmaydigan qismini qoplash manbalari;
• 2020 yil iyun oyida suv xo‘jaligi tashkilotlarining ekspluatatsiya mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan irrigatsiya tizimlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarini, shuningdek nasos agregatlari va vertikal quduqlarini ta’mirlash-tiklash ishlari rejalari;
• 2020 yil mavsumida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari.
Suv xo‘jaligi vazirligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:
• 10 kun muddatda har bir kanal va sug‘orish tarmog‘i bo‘yicha suv olish litimlarini, suvdan foydalanuvchilar reyestrini tasdiqlash;
• Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalari va tumanlar bo‘limlariga suv iste’moli bo‘yicha monitoring olib borish vakolati berilishi;
• ko‘chma dizel va boshqa turdagi nasos agregatlarini xatlovdan o‘tkazish, ta’mirlash va kollektor-drenaj tarmoqlariga o‘rnatish.
Moliya vazirligiga irrigatsiya tizimlari boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalarining 2020 yil uchun tasdiqlangan smetasida III va IV choraklar uchun rejalashtirilgan mablag‘larning 31 mlrd so‘mini II chorakka ko‘chirish va ko‘chma nasos agregatlarini sotib olishga yo‘naltirishni ta’minlash topshirildi.
Paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga joylashtirilgan kredit resurslari hisobidan suv iste’molchilari uyushmalari xodimlarining ish haqlari o‘z vaqtida to‘lab berilishini ta’minlash lozim.
LiveBarchasi