Suv ustidagi saroy. Navalniy “Putinning 700 millionlik siri”ni ochdi

Olam

image

Rossiyalik muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy jamoasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga tegishli ekani aytilayotgan 140 metrli “Shaherezada” (“Scheherazade”) yaxtasi bo‘yicha tergovni e’lon qildi. Tekshiruv Navalniyning saytida chop etilgan. 

Dunyodagi eng katta yaxtalardan biri 2020 yilda suvga tushirilgan. Aytilishicha, kema hozirda Italiyaning Toskana rayonidagi Marina-di-Karrara dengiz kurortidagi portda. “SuperYachtFan” sayti ma’lumotlariga ko‘ra, yaxtaning narxi 700 million dollar (Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining 21 martdagi kursi bo‘yicha 72,8 milliard rubl). 

Yaxta oltita palubaga ega. Asosiy palubada mehmonlar uchun oltita kayuta, oshxona, spa-salon, massaj xonalari, saunalar, sport zali, dayving va baliq ovlash jihozlari joylashgan. 

“The New York Times”ning ma’lumotlariga ko‘ra, kemada raqs maydonchasiga aylanadigan tomi ochiladigan hovuz mavjud va hammomlarida oltin bilan qoplangan lampalar osilgan. 

Yaxtada ikkita vertolyot maydoni, asosiy palubada esa vertolyot uchun angar bor. Yuqori palubalardan birida katta mehmonxona, ovqatlanish xonasi, ikkita VIP-kayuta va mexanik royal mavjud bo‘lib, ekipaj a’zosining so‘zlariga ko‘ra, u odam ishtirokisiz musiqa ijro etadi. Bundan tashqari, kemada bilyard xonasi mavjud. 

Shuningdek, yaxtada ikkitasi gaz va bittasi o‘tin bilan yonadigan uchta kamin bor. Navalniy jamoasining ta’kidlashicha, o‘tin bilan yonadigan kamin “hatto, superyaxtalar uchun ham juda kam uchraydigan holat”. 

Yaxta egasining palubasi ikki zonaga bo‘lingan. 

“Birinchisi — yotoqxona, alohida shaxsiy spa xonasi, jakuzili hammom, kiyinish xonasi va ish xonasi bo‘lgan zona. Bu palubadagi ikkinchi zona esa yaxta egasi hamrohining zonasi bo‘lib, u katta yotoqxona, jakuzili hammom va kiyinish xonasidan iborat”, deydi tergov mualliflaridan biri Georgiy Alburov. 

Ta’kidlanishicha, kemaning egasi rasman noma’lum. Hujjatlarda Marshall orollaridan ofshor borligi ko‘rsatilgan. “Shaherezada” uzunligi 140 metrdan ortiq bo‘lgan 14 ta yaxtadan egasi ochiqlanmagan yagona kema bo‘lib qolgan. 

“The New York Times” gazetasining yozishicha, kema AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan “Yaqin Sharqlik milliarder yoki rossiyalik – hatto, janob Putinga” ham tegishli bo‘lishi mumkin. 

Navalniy jamoasi yaxtaning egasi Vladimir Putin ekanligini hujjat bilan tasdiqlay olmagan. Ammo, tergov ishtirokchisi Mariya Pevchixga ko‘ra, ular kema haqiqatan ham Putinga tegishli ekanligiga “eng yaxshi dalil”ni topgan: u yerda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSO) xodimlari ishlaydi. 

Qayd etilishicha, yaxtada umumiy hisobda 23 kishi ishlaydi: kema kapitani Gay Bennett-Pirs Buyuk Britaniya fuqarosi, qolganlari Rossiya fuqarolari. 

Tergovga ko‘ra, kema kapitanining katta yordamchisi Sergey Grishin turli odamlarning telefonlarida “Sergey FSO” nomi bilan yozilgan. 

“Ekipaj ro‘yxatining faqat birinchi ikkita varag‘ida biz 23 kishini ko‘ramiz, ularning deyarli yarmi FSO bilan bog‘liq. Bu yaxtaning Putinga tegishli ekanligiga bundan yaxshi dalil topa olmaymiz. Hatto Moskvadan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan Italiyada ham Putinning soqchilari va shaxsiy xodimlari sifatida rasman qayd etilgan odamlar ishlaydi”, degan Mariya Pevchix. 

Kema kapitani Gay Bennett-Pirs “The New York Times” gazetasi bilan suhbatda yaxta Vladimir Putinga tegishli ekanligini yoki Putin unda bo‘lganini rad etgan. 

“Men uni hech qachon ko‘rmaganman. Men u bilan hech qachon uchrashmaganman”, degan u nashrga. 

Kema kapitani yaxta egasi hech qanday sanksiya ro‘yxatida yo‘qligini ta’kidlagan va kema rossiyalikka tegishli ekanligini istisno etmagan. U oshkor yetmaslik to‘g‘risidagi kelishuvga asoslanib, yaxta egasining shaxsi haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni aytishdan bosh tortgan. 

Navalniy jamoasi yaxtani hibsga olishni va bu kemani qurish, bezash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun kim, qachon va qanday pul to‘lagani haqidagi hujjatlarni oshkor qilishni talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 19 yanvar kuni Rossiyalik muxolifat yetakchisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi asoschisi Aleksey Navalniy “FBK” YouTube kanalida Prezident Vladimir Putinning Qora dengiz sohillari bo‘yida joylashgan Gelenjikdagi sirli saroyi haqida hujjatli filmni e’lon qilgan edi. 

Joriy yil yanvar oyida Navalniy jamoasi Rossiya rahbarining Gelenjikdagi qarorgohi deya atab kelinadigan koshonaning ichki interer suratlari aks etgan hujjatli filmning ikkinchi qismini e’lon qildi. 

Ayni paytda qamoqda bo‘lib turgan Navalniy firibgarlik va sudni haqorat qilganlikda ayblanmoqda. U 13 yilga qamalishi mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Putin yaxta Naval'niy

Baholaganlar

583

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing