Suv olish tartibini buzgan yuridik shaxslar jazolanadi
Jamiyat
−
10:16 862 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda suv olish tartibini buzgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi. Bu haqda hukumatning joriy yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan 585-sonli qarori bilan tasdiqalngan qishloq xo‘jaligi, baliqchilik xo‘jaligi, sanoat, energetika va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlarga suv olish tartibini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, sanoat, energetika va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olishda quyidagi holatlar qoidabuzarlik hisoblanadi:
- belgilangan limitdan ortiq suv olish;
- suv olish shartnomasini rasmiylashtirmasdan suv olish;
- suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamaslik;
- suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomasiz suv olish;
- o‘zboshimchalik bilan suv olish.
2027 yil 1 yanvardan boshlab yil davomida birinchi marta suv olish tartibini buzgan, biroq fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yoki boshqa shaxslarning mulkiga zarar yetkazmagan yuridik shaxslarga nisbatan “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi qo‘llaniladi.
Bunday hollarda Inspeksiya yuridik shaxsni suvnazorat.uz elektron platformasi orqali ogohlantiradi va qoidabuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.
Agar qoidabuzarlik 10 kun ichida bartaraf etilmasa, moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi. Moliyaviy sanksiya har ming kub metr suv uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM) asosida, Suv kodeksining 164-moddasida belgilangan foiz miqdorida hisoblanadi. Sanksiya qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida qoidabuzarlik takroran sodir etilsa, sanksiya besh baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Qaror va sanksiya hisob-kitobi olingan kundan boshlab bir oy ichida belgilangan summaning 50 foizi ixtiyoriy ravishda to‘lansa, yuridik shaxs qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, sanksiya summasini olti oydan kechiktirmay, har oyda kamida oltidan bir qismini to‘lash sharti bilan bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Bir oy ichida dastlabki to‘lov amalga oshirilganda ushbu tartib avtomatik ravishda qo‘llaniladi.
Sanksiya ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda, yuridik shaxsga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilmagan deb hisoblanadi.
Agar bir oy ichida ixtiyoriy to‘lov amalga oshirilmasa, Inspeksiya sudga da’vo arizasi kiritadi. Sanksiya ustidan shikoyat qilingan taqdirda, shikoyat ko‘rib chiqilgunga qadar uni qo‘llash jarayoni va muddati to‘xtatib turiladi.
Sud tomonidan noqonuniy va asossiz deb topilgan, avval to‘langan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi. Mablag‘ o‘z vaqtida qaytarilmagan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lanadi.
Live
Barchasi