Surxondaryolik terrorchi 10 yil muddatga qamaldi

Jamiyat

image

2018 yilning noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Afg‘onistondagi hamkor tashkilotlar yordamida 3 nafar o‘zbekistonlik fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgan edi.

Ulardan biri 1981 yil Surxondaryo viloyati Termiz shahrida tug‘ilgan O‘tkir Nurboyev bo‘lib, u 2010-2011 yillarda “Jihodchilar” ekstremistik oqimining Termiz “jamoati” a’zolaridan bo‘lgan. Zimdan rahnamolari tegirmoniga suv quyib yurgan pallada, ayrim sheriklarining qilmishi fosh etilgach, 2011 yil oxirlarida u ishlash bahonasida, aslida esa muqarrar javobgarlikdan qochib, Rossiyaga ketadi. Bu yerda “Jihodchilar” ekstremistik oqimining boshqa a’zolari bilan ijara uylarida yig‘inlar tashkil qilib, ekstremistik aqidalar borasida o‘zaro ma’lumotlar almashishadi.

O‘tkir Nurboyev 2012 yil boshlarida Ozarbayjon orqali Turkiyaning Istambul shahriga boradi. So‘ng turmush o‘rtog‘i, shuningdek, ota-onasi, opasi va uning turmush o‘rtog‘i, uch ukasi va ikki kelini – jami 10 kishini Turkiyaga chaqirib oladi. Oradan yarim yilcha vaqt o‘tgach, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan butun bir oila a’zolari go‘yoki “hijrat” va “jihod” qilish maqsadida Pokiston Islom Respublikasiga o‘tib, “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotiga qo‘shiladi va hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarda qatnashadi. Ular 2014 yil iyun oyida Afg‘onistonga o‘tib, bu yerda ham qurolli janglarda ishtirok etishadi.

Keyinroq O‘tkir Nurboyev “Islom davlati Xuroson viloyati” xalqaro terroristik guruhiga qo‘shilib, qurolli harakatlarda qatnashish bilan birga, guruhga yangi a’zolarni yollash va ularni Afg‘onistonda kutib olish bilan shug‘ullanib keladi.

To‘g‘ri yo‘ldan adashgan Nurboyevning og‘ir qilmishlari allaqachon hayotida achchiq iz qoldirib ulgurdi. O‘zi bir umrga mayib bo‘ldi, jangohlarda esa ikki nafar ukasi ayanchli o‘lim topdi.

2018 yil O‘tkir Nurboyev Afg‘oniston huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Unga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Joriy yilning 14 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan O‘tkir Nurboyev 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat

Baholaganlar

120

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing