Surxondaryoda O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma harbiy mashg‘ulot boshladi (video)

Jamiyat

−

image

Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari O‘zbekiston va Rossiyaning “Hamkorlik-2026” qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmatiga tayanib, TASS xabar berdi.

“Markaziy harbiy okrug 201-gvardiya harbiy bazasining harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining “Hamkorlik-2026” qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasiga yetib keldi. Bo‘linmalar harbiy va maxsus texnikalarda Tojikiston va O‘zbekiston tog‘lari bo‘ylab 300 km dan ortiq masofani bosib o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining “Termiz” poligoniga yetib keldi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, rossiyalik harbiy xizmatchilar BTR-82A bronetransportyorlari, “Ural” avtomobillari va “Kamaz” avtomobili bazasidagi maxsus texnikalarda baland tog‘ yo‘llarining ko‘tarilish va tushish joylarini hamda tog‘ yo‘llarining tor uchastkalarini bosib o‘tgan. 

“Yetib kelgach, Rossiya bo‘linmalari texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish va uni o‘quv mashg‘ulotlarining faol bosqichida ishtirok etishga tayyorlashga kirishdi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bugun, 20 oktyabr kuni “Termiz” poligonida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari bo‘linmalari ishtirokida “Hamkorlik-2026” o‘quvi boshlangan. O‘quv an’anaga ko‘ra harbiy xizmatchilarning umumiy saf tortishi bilan ochilgan. Harbiy orkestrlar ijrosida ikki davlatning madhiyalari yangragan, milliy bayroqlar tantanali ko‘tarilgan. Ishtirokchilar yagona safda dala lagerining saf maydoni bo‘ylab tantanali marsh bilan o‘tgan.

O‘zbekiston-Rossiya “Hamkorlik-2026” qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari 20 oktyabrdan 27 oktyabrgacha O‘zbekistondagi “Termiz” poligonida bo‘lib o‘tadi. Ikki mamlakat harbiy xizmatchilari chegaradosh hududlarda shartli noqonuniy qurollangan tuzilmaning kichik guruhlarini aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni olib boradi. Mashg‘ulotlarga tog‘ va shturm bo‘linmalari, qidiruv va zarba beruvchi dronlar hamda yerdagi robototexnika majmualari hisoblari, shuningdek, Mi-24 vertolyotlari jalb etiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 22 sentyabrdan 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiyaning 3,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi “Birlik kuchi – 2026” ilk qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing