Surxondaryoda tuman tibbiyot birlashmasi “Xo‘jayikon” g‘oridan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Xo‘jayikon” tuz g‘oridan tuman tibbiyot birlashmasi noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud. Xususan, ushbu ob’ektdan Surxondaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tarkibidagi Sherobod tumani tibbiyot birlashmasi xo‘jalik hisobidan tegishli asoslantiruvchi hujjatlarsiz foydalanib kelmoqda. Bu esa madaniy meros ob’ektining muhofazasini ta’minlashda bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

“Xo‘jayikon” tuz g‘ori 1989-yilda ochilgan bo‘lib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani Ko‘xitang tog‘ tizmasi etaklarining janubi-sharqiy yonbag‘irida, dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan.

“Xo‘jaykon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektini asrab avaylash, uni davlat muhofazasiga olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli hamda 2021-yil 3-martdagi 119-sonli qarorlari bilan Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani, Oqtoshota qishlog‘i, “Chorbog‘” MFYda joylashgan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros obekti “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan.

Mazkur qarorlar doirasida “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi olingan.

“Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektidan samarali foydalanish hamda egalik huquqi asosida barcha turdagi tashrifchilar uchun ish faoliyatini tashkil etish maqsadida Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bir necha bor murojaat qilingan.

Surxondaryo viloyat SSB tomonidan bu masala e’tiborsiz qoldirilgani sababli, “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektidan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasining majburiy tartibda chiqarilishini so‘rab, joriy yilning 18 aprel kuni “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan Termiz tumani tumanlararo iqtisodiy sudiga davo arizasi kiritilgan.

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan yakuniy sud qarori chiqarilishida “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi yuzasidan Termiz tumanlararo ma’muriy sudi qarori chiqarilishi kutilyapti.

Shu bilan bir qatorda, joriy yilning 15 iyul kuni Termiz tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib o‘tilgan ishda “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektining “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berishdagi xatti-harakatlari qonunga xilof deb topilmoqda.

"Ta’kidlash lozim muzey-qo‘riqxona “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ekti xalqimizga yanada ko‘proq samara keltirishi va kelajak avlodga bezarar yetib borishi uchun bir qator tadbirlarni maqsad qilgan. Xususan, “Xo‘jayikon” tuz g‘ori madaniy meros ob’ektidan tibbiyot davolash maqsadida ham foydalanilib, davlat va xususiy sanatoriyalar bilan keng hamkorlik olib borilishi, xalqaro miqyosdagi diqqatga sazovor joylardan biriga aylantirilishi, mahalliy va xorijiy tashrifchilarning eko va tibbiyot turizmi doirasida keng jalb etilishi, mablag‘ tushumlarining tartibga solinishi va mazkur mablag‘lar byudjet mablag‘lari sifatida yo‘naltirilishi hamda eng asosiysi — mazkur madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasida ishonchli saqlanishi uchun “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi balansida operativ boshqaruv huquqi asosida qoldirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi", deyiladi agentlik xabarida.

Ma’lumot uchun, moddiy madaniy meros ob’ekti hisoblanadigan “Xo‘jaykon” tuz g‘orining ichki qismida san’at galereyalari tizimi bilan birgalikda bir-biridan harorat, namlik, bosim va mikroiqlim bo‘yicha farq qiluvchi beshta xona-kameralar mavjud. G‘or devorlari o‘ziga xos tarzda bir santimetrdan uch santimetrgacha tuz qatlami bilan qoplangan, o‘tish joyida tuz eritmali shifobaxsh buloq mavjud. Ushbu g‘or muhitida nafas yo‘llarining allergik kasalliklari, uzoq davom etadigan o‘tkir va surunkali bronxit, astma, pnevmoniya asoratlari, immuniteti pasaygan bemorlar va teri kasalliklarini davolashda foydali qo‘shimchalar mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing