Surxondaryoda portlagan AYOQSHning payvandchisi shifoxonada vafot etdi

Jamiyat

image

Avvalroq, 4 may kuni soat 09:42 da Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani “Ozod” MFYda joylashgan “Ozod tex oil” MCHJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash sababli yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, bir nafar fuqaro kuyish tan jaroxatini olib tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgandi. Ushbu AYOQSH payvandchisi shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4 may kuni soat 09:30 da Sho‘rchi tumani Ozod mahallasi hududida joylashgan MCHJga qarashli qurilishi tugallanmagan AYOQSH binosida payvandlash ishlarini olib borayotgan 52 yoshli A.A. shoxobcha hovlisida joylashgan 20-25 tonnalik (25 metr kub hajmdagi) benzin va dizel yoqilg‘isini saqlash uchun mo‘ljallangan sisterna ustiga bir o‘zi payvandlash uskunasini olib chiqib, payvandlash ishlarini boshlagan vaqtida sisterna ichida yig‘ilib qolgan gaz va havo aralashmasidan portlash sodir bo‘lgan va yong‘in kelib chiqqan. 

Ushbu yong‘in oqibatida A.A. “butun tanasining 90-95 foiz termik kuyishi” tashxisi bilan tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan MCHJ rahbari 45 yoshli I.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lsa)  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

portlash AYoQSh

Baholaganlar

310

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing