Surxondaryoda Nexia maktab o‘quvchisini urib yubordi. Bola vafot etdi
3-sahifa
−
17 noyabr
5594Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 7 yoshli maktab o‘quvchisi vafot etdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 12 noyabr kuni soat 8:00 da Bandixon tumani Chinor mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-100 avtomobil yo‘lining 98-kilometrida ro‘y bergan. 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Nexia “Bandixon-Qiziriq” yo‘nalishida harakatlanib kelib, yo‘lning belgilanmagan joyidan yugurgan holda kesib o‘tayotgan 2017 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolani urib yuborgan. Oqibatda bola olgan tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasida vafot etgan.
Xabarga ko‘ra, bola tumandagi 9-maktabning 1-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. YTH ortidan bola o‘qiydigan maktabda YHXB mutasaddilari, mahalla aholisi, vafot etgan bolaning ota-onasi ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida avtobus voyaga yetmagan piyodani urib yuborgandi. YTH oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangandi.
LiveBarchasi