Surxondaryoda maktab direktorini kaltaklagan erkak qamoqqa olindi (video)
Jamiyat
−
01 Sentabr 2023
17154Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori T.U. shu muassasada ishlovchi o‘qituvchining oila a’zolari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Unga tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Bugun,1 sentyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan T.U.ga himoya orderi berildi va uning davolanishi hamda sog‘ligini tiklashi uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizildi.
Unga tan jarohati yetkazgan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tartibidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagandi. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori T.U. o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. T.U maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan.
Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng T.U. ga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzgani uchun hayfsan chorasi qo‘llangan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan. Tarqalgan videodagi holatda hokim Ulug‘bek Qosimov “butun dunyoga sharmanda qildingiz” deganda aynan shu voqealarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, kecha ijtimoiy tarmoqlarda maktab direktorining singlisi opasining ayovsiz kaltaklangani haqida xabar bergandi. Shundan so‘ng, uni yollangan o‘qituvchilarning oila a’zolari do‘pposlagani ma’lum bo‘ldi. Kecha viloyat hokimi Ulug‘bek Tursunov esa o‘zi bilan janjallashgan maktab direktorini shifoxonaga borib ko‘rib, hol-ahvol so‘ragan edi.
LiveBarchasi