Surxondaryo hokimi o‘zi bilan janjallashgan direktorni shifoxonaga borib ko‘rdi
Jamiyat
−
01 Sentabr 2023
19116Avvalroq Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori T.U. shu muassasada ishlovchi o‘qituvchining oila a’zolari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktor davolanayotgan shifoxonaga bordi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 31 avgust kuni tunda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumanidagi 28-sonli maktab direktori T.U.ning holidan xabar olish uchun tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga borgan.
Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari bergan tashxislariga ko‘ra, ayolga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, boshning peshona tepa ensa sohasi ko‘plab ezilib yirtilgan jarohatlari, ikkala ko‘z yuqori va pastki qovoqlarga qontalashish diagnozi qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, T.U.ga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filiali mutaxassislari tomonidan konsultatsiya qilinib, zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ayni vaqtda bemorning ahvoli barqaror. Uni RSHTYOIM viloyat filialiga ko‘chirish chorasi ko‘rilmoqda.
Viloyat hokimi T.U.ga shikast yetkazgan aybdorning qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishini hamda uning to‘laqonli davolanishini o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagandi. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori T.U. o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. T.U maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan.
Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng T.U. ga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun hayfsan chorasi qo‘llangan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan. Tarqalgan videodagi holatda hokim Ulug‘bek Qosimov “butun dunyoga sharmanda qildingiz” deganda aynan shu voqealarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi