Hokim bilan janjallashgan direktor ayovsiz kaltaklangani aytilmoqda (foto+video)

3-sahifa

image

Avvalroq Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori T.U. viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan janjallashgani haqida xabar bergan edik. Ijtimoiy tarmoqlarda direktorning singlisi Prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, unda opasi yollangan o‘qituvchilarning oila a’zolari tomonida ayovsiz kaltaklanganini ma’lum qildi. 

“Hurmatli Shavkat Mirziyoyev, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari iltimos sizlardan bizga yordam bering. Bugun 28-maktab direktori T.U. yollangan o‘qituvchilarning oila a’zolari tomonidan do‘pposlandi. IIB xodimlari ham tez yordam ham juda kechikib keldi, birinchi yordamni biz o‘zimiz berishga majbur bo‘ldik. Tibbiyot muassasasiga zo‘rg‘a yetib keldik. Iltimos bizga yordam bering, bularga qarshi chora ko‘rishingizni so‘rayman”, deyilgan murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagandi. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori T.U. o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. T.U maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan.

Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng T.U. ga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun hayfsan chorasi qo‘llangan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan. Tarqalgan videodagi holatda hokim Ulug‘bek Qosimov “butun dunyoga sharmanda qildingiz” deganda aynan shu voqealarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing