Surxondaryoda “Alfa” nomli jinoiy guruh a’zolari ushlandi (video)

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatida Telegram’da “Alfa” nomli guruh ochib, o‘zlarini shu nom bilan atagan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Telegram messenjerida “Alfa” nomli guruh ochib, o‘zlarini shu nom bilan atagan, Denov tumanida yashovchi, sportning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanib kelgan, ko‘cha yechimlariga aralashgan 6 nafar jinoiy guruh a’zolarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Jinoiy guruh yetakchisi, 1998 yil Denov tumanida tug‘ilgan Sunnatullo Xolmurodov va uning tengdoshlari bo‘lgan guruh a’zolari – Elbek Karimov, Asliddin Ibodov (muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan sudlangan), Azamat Davlatov, Javohir Jo‘rayev, hamda 1989 yil Denov tumanida tug‘ilgan Bahriddin Jumayevlar joriy yilning 6 yanvar kuni soat 20:50 larda o‘zaro bir guruhga birlashgan. Ular Škoda va Kia avtomashinalari o‘rtasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida o‘zlarining tanishlari Škoda avtomashinasini boshqargani sababli uning sog‘lig‘idan xabar olish hamda u bilan to‘qnashgan Kia avtomashinasini boshqargan shaxsga jismoniy bosim o‘tkazish maqsadida Denov tumani tez tibbiy yordam bo‘limiga borgan. Shundan so‘ng u yerda sababsiz janjal ko‘targan va shu sababli muassasa ma’muriyati tomonidan ulardan muassasa hududida tartibni saqlash talab qilingan.   

Ogohlantirish ishlari olib borilishiga qaramay, guruh tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilgan. Jamoat tartibini qasddan mensimasdan shifoxonada bo‘lgan bemorlar va shifokorlarning tinchligini buzib, shov-shuv ko‘tarib, shu manzilda faoliyat yuritayotgan shifokor va jabrlanuvchining yuz qismiga qasddan urgan va qorin qismiga tepib, tan jarohati yetkazgan.

Gumonlanuvchilar Sunnatullo Xolmurodov, Elbek Karimov, Bahroddin Jumayev, Azamat Davlatov va Javohir Jo‘rayevlar ushlanib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoiyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Ushbu jinoiy guruh harakatidan aziyat ko‘rganlardan ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida qimmatbaho metallarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingandi.  


Maqola muallifi

Teglar

jinoiy guruh Al'fa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing