Fuqarolarni bank nomidan aldab, $8 mln o‘zlashtirganlar ushlandi
3-sahifa
−
08:31 1485 2 daqiqa
Noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalanib, soxta koll-markaz tashkil etgan va fuqarolarning bank kartalaridagi pullarni o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazgan.
Tadbirlar davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, 1989–2005 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olib, soxta koll-markaz tashkil etgani aniqlangan. Shuningdek, guruh bilan aloqador 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqa shaxsning xonadonini ijaraga olib, u yerga koll-markaz faoliyatida foydalanish uchun GSM-shlyuz qurilmasini o‘rnatgan.
Toshkent viloyatida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs rahbarlik qilgan guruh a’zolari orasida nufuzli banklardan birining bosh ofisida kiberxavfsizlik bo‘limida ishlovchi xodim ham bo‘lgan.
Guruh a’zolari turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning nomiga firibgarlar tomonidan kredit rasmiylashtirishga urinish bo‘layotganini aytgan. Shu yo‘l bilan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, bank kartalaridagi pullarni o‘zlashtirgan va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.
Shu tariqa jinoiy yo‘l bilan topilgan jami 8 million dollar soxta mas’uliyati cheklangan jamiyat orqali kriptovalyutaga aylantirilib, xorijiy davlatga chiqarilgan va legallashtirilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov jarayonida ularga aloqador bo‘lgan 10 nafar shaxs aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ijtimoiy tarmoqlar orqali turli mahsulotlarni sotish, kredit olib berish va pullarni ko‘paytirishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan shaxs ushlanganda.
Live
Barchasi