Kulaymi yo o‘laymi? Surxondaryoda 37 ta maktab direktorsiz ishlayapti
Jamiyat
−
04 fevral 2022
11492Surxondaryoda 37 ta umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorsiz ishlab kelmoqda. Bu viloyatdagi 933 ta maktabning 4 foizi degani. Ba’zi maktablar esa 5 oydirki rahbarsiz faoliyat yuritmoqda. Ushbu muammo bugun, 4 fevral kuni Senatning 23-yalpi majlisida senator Orziqul Soatov tomonidan ko‘tarildi.
Senatorning savoliga javob bergan Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning qayd etishicha, 37 ta maktabning har birida direktor qo‘yilgan kelinayotgani bilan bog‘liq alohida masalalar bor.
“Maktabda rahbar bo‘lmasa, ta’lim jarayoni ham, tarbiya jarayoni ham talab darajasida bo‘lmasligi tabiiy holat. 37 ta direktor vakant lavozim mavjudligining har biri bilan bog‘liq alohida holat bor. Yangi tartib bo‘yicha bir yildan buyon direktorlarni bevosita Xalq ta’limi vazirligidan tayinlov amalga oshirilgunga qadar Davlat xizmatlari agentligi tomonidan birinchi tartib bo‘yicha o‘tkazilishi, mahalliy kengashlar tomonidan nomzodlarning rejalari eshitilganidan keyingina u lavozimga tayinlanishi belgilangan”, deydi Sharifxo‘jayev.
Uning qayd etishicha, uchta holat maktab direktorlari tayinlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bular:
• direktorlikka nomzodning tasdiqlanmasligi;
• mahalliy kengashdan o‘tkazilmasligi;
• maktab jamoasining qarshiligi.
“Direktor qo‘yilishi kerakligi uchun nomzod tasdiqlanishi emas, balki malakali, ham maktab kollektiviga, ham mahallaga to‘g‘ri keladigan nomzod qo‘yilishi to‘g‘ri, deb hisoblayman”, deydi Sharifxo‘jayev.
Vazir o‘rinbosari ushbu masalani senator Orziqul Soatov bilan bog‘lanib, muhokama qilishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limidagi muammolar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, unda xalq ta’limi bo‘limi mudirligi va maktab direktorligiga malakali menejerlarni tayinlash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar bergandi.
LiveBarchasi