Surxondaryoda 2 yilga bormay qulagan ko‘prikni ta’mirlashga 9,6 mlrd so‘m ajratildi
Jamiyat
−
04 Oktabr 2020
9333Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida 6,5 milliard so‘mga qurilgan davlat ahamiyatidagi ko‘prik 1 yil-u 7 oy xizmat qilganidan so‘ng bir tomoni 1 metrga cho‘kib, avariyaviy holatga kelib qolgani haqida xabar bergan edik. Bu ko‘prik Oltinsoy va Boysun tumanlarini bog‘lab turardi.
2 yil ham xizmat qilmagan ko‘prikni ta’mirlash uchun esa 9,6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu haqda Qumqo‘rg‘on tumani 340-yo‘l bo‘limi boshlig‘i Husan Rahimov “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturiga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prikning bunday ahvolga kelib qolishiga, kuchli sel va tabiiy hodisalar sabab bo‘lgan. Ko‘prikni “Bahrom Universal” MCHJ qurgan.
Hozirda boshlangan ta’mirlash ishlariga esa yangi ko‘prik qurish uchun ajratilgandan ko‘proq mablag‘, ya’ni 9,6 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Ta’mirlashga Surxondaryoda yaxshi qurilish tajribasiga ega MCHJga topshirilgan.
Qumqo‘rg‘on tumani 340-yo‘l bo‘limi boshlig‘i Husan Rahimov ko‘prikning bu holatga kelishini tabiiy ofat bilan baholadi. Ammo ko‘prik qurish vaqtida shu tabiat injiqliklari nega hisobga olinmagan? Nega butun boshli ko‘prikni qurish 6,5 mlrd so‘mga tushadi-yu borini ta’mirlash 9,6 mlrd so‘mga? Bu mantiqqa to‘g‘ri keladimi, o‘zi?
Ma’lumot uchun, Termiz transport prokuraturasi tomonidan mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Umid qilamizki, surishtiruv natijasida barcha savollarga javob beriladi.
LiveBarchasi