Surxondaryo, Navoiy va Buxoroda 36 bemor koronavirusdan sog‘aydi

Jamiyat

image

Bugun, 25 aprel kuni Surxondaryo viloyatidan 3 nafar, Navoiy viloyatidan 1 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Surxondaryoda tuzalganlardan bir  nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasidan, bir  nafari Samarqand va yana bir nafari Namangan viloyatidan. Ularning barchasi (erkaklar) joriy yil 27 mart kuni Moskva – Termiz yo‘nalishida charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Navoiyda tuzalgan bir nafar (erkak) bemor Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Har ikki viloyatdagi 4 nafar fuqarolar orasida eng yoshi kattasi 39 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida ham bir yo‘la 32 nafar bemor koronavirusdan to‘liq sog‘aydi. Ularning 22 nafari viloyat ko‘p tarmoqli markazidan, 10 nafari yuqumli kasalliklar shifoxonasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Shifo topganlarning 30 nafari Rossiyadan, 1 nafari esa Turkiyadan  charter reyslar orqali Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan. 1 nafar bemor koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ulardan 28 nafari erkak, 4 nafari ayol. Bemorlarning 6 nafari Andijon viloyatidan, 5 nafari Toshkent viloyatidan, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlaridan 3 nafardan, Surxondaryo, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 74 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 15 yoshda.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 178 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 210  nafarga yetdi. Yurtimizda bemorlarning sog‘ayib chiqishi bo‘yicha Toshkent shahridan keyin eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda. 

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 657 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha 1836 kishida koronavirus aniqlandi. Bugungacha bemorlarning 8 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

88

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing