Surxondaryo kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi aytildi
Jamiyat
−
13 mart 2023
5905Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 465 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 328 million dollar jalb qilinadi. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qayd etildi.
Ushbu islohotlar orqali 325 ming aholi daromadli mehnat bilan ta’minlanib, Surxondaryoni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish eng asosiy vazifa sifatida belgilandi. Mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish va kasanachilik orqali 60 mingdan ziyod aholini, yangi biznes sub’ektlari tashkil qilish orqali 4 ming aholini, ishsizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitib 20 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.
Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois viloyatda so‘nggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydonlari 2,5 baravar ko‘paytirilgan. Bu yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratilmoqda. Dehqonlarga sharoit yaratib, suv ta’minotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish va eksportni 250 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda viloyat sanoatiga 30 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 5 mingdan ziyod korxona tashkil topgan. Ishlab chiqarish 3 baravar ko‘payib, sanoat eksporti 132 million dollarga yetgan. Surxondaryoda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘lgan.
Shu bilan birga, viloyatda hali foydalanilmagan konlar va imkoniyatlar ko‘p. Joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 million dollarga qisqartirib, eksportni kamida 250 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
LiveBarchasi