Surxondaryo hokimining tahdidli videosi tarqaldi. Hokimlik bunga nima deydi?
Jamiyat
−
21 iyul 2023
20196Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Denov tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda fermerlardan birini qamoqqa olish bo‘yicha topshiriq bergani aytilgan video tarqaldi.
Sizdirilgan videoda viloyat hokimining quyidagi gaplari aks etgan:
“Tupurib qo‘ygan hamma narsaga, vijdonsiz. Denov yonib ketmaydi. Senga o‘xshagan bunaqa boqibeg‘am insonni umrimda ko‘rmaganman. Noinsof. Hammang bir-biringga mossan. Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi. O‘ldirib, tamom qilding bu Denovni. Hamma tumandan orqada. Sharmanda qilding. Yer ostiga ko‘mib yubording bu Denovni, itning keyingi oyog‘iga aylantirding bu tumanni... Bugun qamoqqa olasan, noinsof”, deydi hokim.
Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirgan.
Qayd etilishicha, e’lon qilingan video materialda joriy yilning 4 iyul kuni Denov tumanining “Hazorbog‘” hududida qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlab soha mutasaddilari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish aks etgan.
Unda viloyat hokimi tumandagi ayrim fermer xo‘jaliklari paxta dalalarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar mavjudligi, ajratilgan resurslardan maqsadsiz foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qilgan. Mutasaddilarga mavjud holatlarni o‘rganish va noqonuniy xatti-harakatlarga huquqiy baho berish topshirig‘i berilgan.
“Yig‘ilishdan so‘ng esa xatti-harakatlariga huquqiy baho berish aytilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga kamchiliklarini to‘g‘irlash uchun imkon berilgan va mavjud muammolar qisqa muddatda bartaraf etilgan. Hech qaysi fermer xo‘jaligi rahbari qamoqqa olinmagan”, deyiladi hokimlik munosabatida.
LiveBarchasi