Suriyaning yangi rahbariyati ilk tashrif bilan Saudiyaga bordi (video)

Olam

image

Suriyaning muvaqqat hukumati delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga bordi. Ularni mamlakat poytaxti Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Valid ibn Abdulkarim al-Xireyjiy kutib oldi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Suriya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Hasan ash-Shiboniy boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirgan.  Ma’lumotlarga ko‘ra, delegatsiya tarkibida mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Murxaf Abu Qasra, razvedka xizmati rahbari Anas Hasan Xattob ham bo‘lgan. Tashrif Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri, shahzoda Faysal ibn Farhon Ol Saudning rasmiy taklifiga binoan uyushtirilgan. Tashrif tafsilotlari oshkor qilinmagan.

“Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal ibn Farhon Ol Saudning qirollikka tashrif buyurish haqidagi rasmiy taklifini mamnuniyat bilan qabul qildim. Bu ilk rasmiy tashrif chog‘ida o‘z mamlakatimga vakillik qilish men uchun katta sharafdir”, deydi ash-Shiboniy.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni boshqa arab davlatlari qatorida 2012 yil Bashar Asad rejimi bilan diplomatik aloqalarni uzgan. Ammo o‘tgan yili Ar-Riyod aloqalarni tikladi va Suriyaning Arab Ligasi tarkibiga qaytishida muhim rol o‘ynadi. Bu jarayon Asad rejimi o‘tgan oy isyonchilar tomonidan ag‘darilishidan oldin Suriya uchun mintaqaviy izolyatsiyadan chiqish imkonini berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Sharo (Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan) mamlakat poytaxti Damashqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Ushbu uchrashuv Ukraina tomonidan Suriyaga “Ukrainadan don” tashabbusi doirasida birinchi gumanitar oziq-ovqat yordamining yuborilishi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Saudiya Arabistoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing