Suriyaning yangi rahbariyati BAAga bordi

Olam

image

Suriya muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Hasan ash-Shiboniy rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) bordi. Bu haqda Suriyaning SANA axborot agentligi xabar berdi.

Ash-Shiboniy boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Suriya mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Murxaf Abu Qasra va Bosh razvedka xizmati rahbari Anas Hasan Xattob ham bor. Bildirilishicha, Suriyaning yangi rasmiylari vakillari BAAda “mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlashtirish istiqbollarini” muhokama qiladi.

BAA respublikada hokimiyat almashganidan keyin Suriya hukumati delegatsiyasi tashrif buyurgan uchinchi davlat bo‘ldi. Bir kun avval ash-Shiboniy, Abu Qasra va Xattob Qatarga tashrif buyurib, u yerda hukumat rahbari, Amirlik Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon Ol Soniy bilan uchrashdi.

Yanvar oyi boshida ular Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Suriya delegatsiyasi yaqin kunlarda Iordaniyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Damashqda Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad ash-Sharo (Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan mashhur) bilan uchrashib, Yevropa Ittifoqi Suriyada hokimiyatning tinch va inklyuziv tarzda o‘zgarishi tarafdori ekanini bildirgandi. Suriya fuqaro aviatsiyasi va havo transporti boshqarmasi boshlig‘i Ashhad al-Salibiy esa Damashq aeroporti ertaga, 7 yanvardan e’tiboran xalqaro reyslarni qabul qilish va jo‘natishni boshlashini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Birlashgan Arab Amirliklari BAA Asad Hasan ash-Shiboniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing